"Activist_uz" nomi bilan faoliyat yurituvchi bloger 15 sutkaga qamaldi

U avvalroq yogurt haqida video olib, unga qoʻshilgan “karmin” musulmonlar uchun harom ekanligini aytgandi.

"Activist_uz" nomi bilan faoliyat yurituvchi bloger 15 sutkaga qamaldi

Videodan kadr

Avvalroq, Instagramʻda Activist_uz nomi ostida isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan videolar olish bilan shugʻullanuvchi bloger nomaʼlum shaxsning savdo doʻkonlarida sotilayotgan turli yogurtlar haqida video olgandi. Videoda u mazkur turdagi mahsulot tarkibida harom modda borligi bois ularni isteʼmol qilmaslik haqidagi fikrlarini aytgan. Mazkur holatga Toshkent shahar IIBB munosabat bildirib, bloger N.X.ga chora koʻrilganini maʼlum qildi.

Qayd etilishicha, oʻtkazilgan tekshiruv davomida N.X. yuqorida keltirilgan videorolik orqali fuqarolarga turli ishlab chiqaruvchi kompaniyalar mahsuloti boʻlgan yogurtlarning tarkibida “karmin” moddasi mavjudligi sababli ularni isteʼmol qilish mumkin emasligini tegishli soha mutaxassislaridan xulosa olmagan holda shaxsiy diniy qarashlaridan kelib chiqib, bildirganligini maʼlum qilgan.

“Oʻzbekiston Konstitutsiyaning 25-moddasiga asosan har kim erkinlik va shaxsiy daxlsizlik, shuningdek 27-moddasiga binoan shaxsiy hayotiga aralashishdan himoyalanish huquqiga ega. Oʻzbekiston fuqarolarining yuqoridagi kafolatlariga monelik qilish mumkin emas. Ayniqsa alohida shaxslarning oʻz tashabbusi orqali turli masalalarga diniy tus berish orqali oʻzgalarning shaxsiy hayotiga aralashishiga yoʻl qoʻyilmaydi.

Shuningdek, ”Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʻgʻrisida“gi Qonunning 35-moddasiga binoan, tadbirkorlik faoliyati subyekti oʻz ishchanlik obroʻsiga putur yetkazadigan maʼlumotlarga raddiya berilishini sud tartibida talab qilishga haqli. Bunday maʼlumotlarga raddiya berilishi bilan bir qatorda ularning tarqatilishi oqibatida yetkazilgan zararning oʻrni qoplanishini va maʼnaviy zarar kompensatsiya qilinishini talab etishga haqli”, - deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, IIBB “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi qonunining 10-moddasiga binoan, mamlakat hududida diniy mazmundagi materiallarni tayyorlash va tarqatish dinshunoslik ekspertizasining ijobiy xulosasi olinganidan keyin amalga oshirilishini eslatgan.

Mazkur holat yuzasidan oʻtkazilgan tekshiruv jarayonida N.X.ga nisbatan MJtKning 184-moddasi (milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovatni targʻib qiluvchi materiallarni tayyorlash, saqlash yoki tarqatish) 3-qismi va 194-moddalariga (IIO xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) asosan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Jinoyat ishlari boʻyicha Shayxontohur tumani sudi tomonidan N.X.ga nisbatan 15 sutka muddatga maʼmuriy qamoq jazosi tayinlangan.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling

So`nggi xabarlar

Yangiliklar