So‘nggi oylardagi iqtisodiy faollik va isteʼmol talabi dinamikalari hamda bazaviy inflyatsiyaning o‘sish tendensiyasi iqtisodiyotda inflyatsion bosimlar saqlanib qolayotganidan dalolat bermoqda. Bu haqda MB matbuot xizmati xabar berdi.
Bu, o‘z navbatida, umumiy inflyatsiyaning may oyidagi biroz pasayishiga qaramasdan inflyatsiya prognozi trayektoriyasidan yuqori shakllanishiga sabab bo‘lmoqda. Mazkur sharoitda inflyatsion jarayonlarga energiya narxlari oshishining ikkilamchi taʼsirlarini pasaytirish va umumiy inflyatsiyaning barqaror pasayuvchi trendga o‘tishini taʼminlash maqsadida asosiy stavka joriy darajasida qoldirildi.
Yil boshidan o‘suvchi trendda shakllanib kelgan umumiy inflyatsiya darajasi may oyida o‘tgan yilgi energiya tariflari oshirilishining birlamchi taʼsiri chiqib ketishi hisobiga pasayib, yillik 8,7 foizga teng bo‘ldi. Aholi va tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalari umumiy inflyatsiyadan yuqori darajada shakllanmoqda.
Xizmatlar inflyatsiyasi tezlashishi hisobiga bazaviy inflyatsiyaning o‘suvchi dinamikasi davom etib, may oyida yillik 8,5 foizga yetdi. Iqtisodiyotda yalpi talab yuqoriligi sharoitida joriy energiya narxlari oshirilishining ikkilamchi taʼsirlari yuzaga chiqishi inflyatsion bosimlarning uzoqroq davom etishiga ishora beradi.
Yanvar–may oylarida iqtisodiyotdagi yuqori faollik yalpi talabning shakllanishida asosiy omillardan biri bo‘ldi. Bu savdo va pullik xizmatlardan tushumlar va transchegaraviy pul o‘tkazmalari hajmlarining oshishi hamda banklararo tranzaksiyalar hajmi va ko‘chmas mulk savdosi bitimlari soni o‘sishida namoyon bo‘lmoqda.
Shuningdek, iqtisodiyotga kredit ajratish surʼatlarining yuqori darajada saqlanib qolayotgani va byudjet xarajatlarining o‘sishi ham iqtisodiy faollikni rag‘batlantirishga hissa qo‘shmoqda. Ushbu omillar kelgusida yalpi talabni qo‘llab-quvvatlab, iqtisodiyotdagi narxlar darajasiga bosimni kuchaytirishi mumkin.
Jahon iqtisodiyotidagi noaniqliklar hamda xalqaro savdodagi keskinliklar natijasida ko‘p davlatlarda pul-kredit sharoitlari qatʼiyligi uzoqroq davom etishi kutilmoqda. Shu bilan birga, so‘nggi oylardagi ayrim oziq-ovqatlar jahon narxlari o‘sishi kelgusida ichki narxlarga qo‘shimcha bosim yaratishi ehtimoli mavjud.
Anʼanaviy eksport tovarlari birja narxlarining yuqori darajada saqlanib qolishi va hamkor davlatlarda almashuv kursi mustahkamlanishi eksport tushumlari hamda transchegaraviy pul o‘tkazmalari o‘sishini qo‘llab-quvvatlamoqda. Bu, o‘z navbatida, mamlakatga xorijiy investitsiyalar oqimi oshishi bilan birga ichki valyuta bozorida takliflarning barqaror shakllanishiga xizmat qilib, kelgusi oylarda almashuv kursi tomonidan inflyatsiyaga bosimlarning kamayishiga hissa qo‘shadi.
Pul-kredit sharoitlarining joriy qatʼiylik darajasi saqlab qolinishi kelgusida kreditlash hajmi o‘sishining mo‘tadillashuvi va depozitlarning yuqori o‘sish surʼatlari davom etishini taʼminlaydi. Bu yalpi talabni muvozanatlashtiruvchi va monetar omillarning inflyatsiyaga taʼsirini kamaytiruvchi ahamiyatga ega bo‘ladi.
Yuqorida keltirilgan omillarni hisobga olib, o‘rta muddatli istiqbolda narxlar barqarorligini taʼminlash maqsadida Markaziy bank boshqaruvi asosiy stavkani o‘zgarishsiz, 14 foiz darajasida qoldirish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Markaziy bank tomonidan o‘rta muddatli istiqbolda inflyatsiyaning 5 foizlik target darajasigacha pasayishiga erishish uchun pul-kredit sharoitlarining yetarli darajada qatʼiyligi taʼminlanadi.
Iqtisodiyotdagi yalpi talab va ikkilamchi taʼsirlarning narxlarga oshiruvchi bosimlari kelgusi oylarda kutilganidan ko‘ra kuchayishi bo‘yicha ehtimollar va asoslar yuzaga kelgan taqdirda pul-kredit sharoitlari qatʼiyligi qayta ko‘rib chiqilishi mumkin.
Asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha Markaziy bank boshqaruvining navbatdagi yig‘ilishi 24-iyulga belgilangan.