Shavkat Mirziyoyev BMTning Dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘yicha uchinchi konferensiyasida ishtirok etdi. Tafsilotlar

Konferensiya yakunida Avaza siyosiy deklaratsiyasi qabul qilindi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Turkmanboshi shahridagi “Avaza” milliy turizm hududida o‘tayotgan BMTning Dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘yicha uchinchi konferensiyasida ishtirok etdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Kun tartibiga muvofiq, transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash va savdo tartib-taomillarini soddalashtirish, iqtisodiyotni transformatsiya qilish, iqlim o‘zgarishi va ekologik tahdidlarga bardoshlilikni oshirish, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

"Bugun bizni birlashtirgan kun tartibi fundamental masala – adolat masalasiga daxldordir. Bu – dengizga chiqish yo‘liga ega bo‘lmagan davlatlarga jahon iqtisodiyotida teng sharoitlarda ishtirok etish imkoniyatini taʼminlashdir", - dedi O‘zbekiston yetakchisi.

Shu bilan birga, ushbu dolzarb muammoni hal qilish uchun uchta prinsipial shartni bajarish lozim. Bular barqaror rivojlanish asosi sifatida infratuzilmani modernizatsiya qilish, tranzit muammolarining oldini olish maqsadida o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish va global teng huquqlilikning asosiy elementi bo‘lgan rivojlanish huquqini taʼminlashdir.

Dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan mamlakatlarning umumiy tahdid va muammolarini bartaraf etish maqsadida O‘zbekiston prezidenti qator aniq taklif va tashabbuslarni ilgari surdi. Avvalo, xalqaro transport yo‘laklari va infratuzilmasini jadal rivojlantirish uchun o‘zaro muvofiqlashgan harakatlarni amalga oshirish zarurligi taʼkidlandi.

Shu maʼnoda, "O‘zbekiston – Afg‘oniston – Pokiston" temir yo‘lini qurish loyihasini amalga oshirishni jadallashtirish va uni qurilayotgan "Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston" temir yo‘l magistrali bilan tutashtirish muhimligi taʼkidlandi.

"Bu keng mintaqamizda yangi savdo-iqtisodiy makon va barqaror transport infratuzilmasini shakllantirish uchun katta imkoniyatlar ochadi", - dedi O‘zbekiston yetakchisi.

Davlat rahbari O‘rta yo‘lak salohiyatini, eng avvalo, o‘zaro kelishilgan tranzit siyosatini yuritish, qoidalarni unifikatsiya qilish va konteyner tashuvlari uchun maqbul tariflarni joriy etish orqali to‘liq ishga solishga chaqirdi.

O‘zbekiston prezidenti, shuningdek, BMT shafeligida dengizga chiqish yo‘liga ega bo‘lmagan mamlakatlar uchun Tranzit kafolatlari to‘g‘risidagi global bitimni ishlab chiqishni taklif qildi. Hujjat portlar va kommunikatsiyalardan adolatli foydalanish shartlarini taʼminlash, yuk tashishda xavf-xatarlarni pasaytirish, global logistikada tengsizlikni kamaytirishga qaratilgan.

Yirik infratuzilmaviy loyihalarni moliyalashtirish uchun moslashuvchan investitsiya vositalariga talab ortib borayotganini hisobga olib, davlat rahbari BMT shafeligida Dengizga chiqish yo‘liga ega bo‘lmagan mamlakatlarning logistika integratsiyasiga ko‘maklashish jamg‘armasini tuzish tashabbusini ilgari surdi. Markaziy Osiyo mamlakatlarining transport infratuzilmasi uchun investitsiyalarga bo‘lgan ehtiyoji yiliga qariyb 40 milliard dollarga baholanmoqda.

Shuningdek, O‘zbekiston rahbari tranzit imkoniyatlarining cheklanishini xolisona aniqlash, xalqaro moliyaviy-texnik dasturlarni kengaytirish va resurslarni real sharoitlarni hisobga olgan holda samarali taqsimlash maqsadida Dengizga chiqish yo‘liga ega bo‘lmagan mamlakatlarning Zaiflik global indeksini ishlab chiqish tashabbusini ilgari surdi.

O‘zbekistonda agrar sohani rivojlantirish bo‘yicha Innovatsion xabni tashkil etish taklifini amalga oshirish muhimligiga eʼtibor qaratildi. Bu moslashuvchan agrotexnologiyalarni joriy etish, suvni tejash va oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash bo‘yicha innovatsion loyihalarni ilgari surish, bilim va tajriba almashishga xizmat qiladi.

O‘zbekiston Prezidenti yetakchi ekspertlar va "aql markazlari"ni umumiy tahdidlarni yengib o‘tish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishga faol jalb qilish, shu jumladan xalqaro anjuman va davra suhbatlari o‘tkazish muhimligini qayd etdi.

"Bunday tadbirlar kun tartibiga global ishlab chiqarish zanjirlariga mamlakatlarimizning chuqur integratsiyasini taʼminlash, sunʼiy intellekt va raqamli texnologiyalarni jadal rivojlantirish, transchegaraviy investitsiyalarni kengaytirish va startaplarni qo‘llab-quvvatlash masalalarini kiritish mumkin", - dedi prezident.

Shuningdek, O‘zbekiston dengizga chiqish yo‘liga ega bo‘lmagan mamlakatlar uchun Xalqaro tahlil markazi faoliyatiga qo‘shilish niyatida ekani maʼlum qilindi. So‘zining yakunida davlat rahbari O‘zbekiston global taraqqiyotning yana-da adolatli arxitekturasini shakllantirish bo‘yicha konstruktiv va uzoq muddatli sheriklikka tayyor ekanini tasdiqladi.

Konferensiya yakunida Avaza siyosiy deklaratsiyasi qabul qilindi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling