Yakkabog‘da Amir Temur muzey-yodgorlik majmuasi barpo etiladi

Majmuada Amir Temur haykali, madrasa, mehmonxona, hunarmandchilik va zargarlik do‘konlari tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumanida Amir Temur xotirasini abadiylashtirish va hududning turistik salohiyatini oshirish maqsadida muzey-yodgorlik majmuasi barpo etiladi. Bu haqda Yakkabog‘ tumani hokimligi xabar berdi.

Ayni paytda bir guruh tarixchi va mutaxassislar majmua qurilishi uchun taklif etilayotgan hududni ko‘zdan kechirmoqda. Ular loyihaning konsepsiyasi, me‘moriy yechimlari va uni amalga oshirish mexanizmlarini muhokama qilmoqda.

Loyihaga ko‘ra, majmua markazida Amir Temur haykali o‘rnatiladi. Uning atrofida zamonaviy bog‘, muzey, kutubxona, madrasa, mehmonxona, hunarmandchilik va zargarlik do‘konlari, milliy taomlar maskani, istirohat bog‘lari va favvoralar quriladi. Shuningdek, tarixiy uslubdagi bosh kirish arkasi barpo etiladi.

Majmua mahalliy va xorijiy sayyohlar uchun tarixiy-ma‘rifiy va turistik maskanga aylantirilishi ko‘zda tutilgan.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling