Zafarobod tumani hokimi YTHga uchradi

Hokim va uning voyaga yetmagan o‘g‘li turli darajadagi tan jarohatlari bilan shifoxonaning jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan.

Jizzax viloyatining Zafarobod tumanida 30-avgust kuni tuman hokimi G‘. Eshpo‘latov ishtirokida YTH sodir bo‘ldi. Bu haqda tuman hokimligi xabar berdi.

Hodisa soat 07:45 lar atrofida Nurafshon MFY hududidan o‘tuvchi 25V-037 avtomobil yo‘lining 7-kilometrida yuz bergan.

Dastlabki ma‘lumotlarga ko‘ra, “MAZ” rusumli yuk mashinasi haydovchisi Zafarobod yo‘nalishida harakatlanib, chapga burilish vaqtida qarama-qarshi tomondan kelayotgan tuman hokimi G‘. Eshpo‘latov boshqaruvidagi “Kia Seltos” xizmat avtomobili yo‘liga chiqib ketgan. Natijada avtomobillar to‘qnashgan.

YTH oqibatida tuman hokimi hamda avtomobilda yo‘lovchi sifatida bo‘lgan uning voyaga yetmagan o‘g‘li turli darajadagi tan jarohatlari olgan. 

Ular Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Jizzax filiali jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan. Yuk mashinasi haydovchisi jarohat olmagan.

Holat yuzasidan Zafarobod tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling