Toshkent shahrida xorijiy fuqarolarga kirish vizalarini noqonuniy rasmiylashtirib berish bilan bog‘liq holat aniqlandi. Bu haqda DXX xabar berdi.
1985-yilda tug‘ilgan shaxs uch nafar xorijiy fuqaroga tanishlari orqali O‘zbekistonga kirish vizalarini rasmiylashtirib berish evaziga $31,2 ming olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Aniqlanishicha, u pulning $4,2 mingini o‘zida qoldirib, qolgan $27 mingini poytaxtda yashovchi, 1960-yilda tug‘ilgan fuqaroga berishi kerak bo‘lgan.
Davom ettirilgan tezkor tadbirda mazkur fuqaro ham $27 mingni olgan vaqtida ushlandi.
Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.