Toshkent viloyati, Angren shahri hududidan o‘tgan yo‘lda 7 sentyabr kuni soat taxminan 12:20 larda YTH sodir bo‘ldi. Bu haqda IIV xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, fuqaro A.R. boshqaruvidagi sement tashuvchi Shacman yuk avtotransporti haydovchisi boshqaruvni yo‘qotib, harakat yo‘nalishidagi temir yo‘l kesishmasida to‘xtab turgan 2 ta yuk avtomashinasi hamda 5 ta yengil avtomashina bilan to‘qnashgan.
To‘qnashuv vaqtida yong‘in kelib chiqqan.
Hodisa oqibatida 7 kishi voqea joyida vafot etgan, 5 kishi turli tan jarohatlari olgan fuqarolar tibbiyot muassasalariga yotqizilgan.
Shuningdek 4 kishiga tibbiy yordam ko‘rsatilib, uylariga javob berilgan.
Hozirda vaziyatni to‘liq o‘rganish, jabrlanganlar va ularning oila aʼzolariga yordam ko‘rsatish hamda og‘ir oqibatlarga olib kelgan shart-sharoitlarga huquqiy baho berish maqsadida Bosh vazir o‘rinbosari A.Ramatov boshchiligida Hukumat komissiyasi tuzilgan.