Andijon va Qashqadaryoda pora bilan bog‘liq ikki holat fosh etildi

Andijonda suv ta‘minoti korxonasi rahbari, Qashqadaryoda esa ikki tibbiyot xodimi minglab dollar pora olayotganda ushlandi.

Andijon va Qashqadaryoda korrupsiya bilan bog‘liq holatlar aniqlandi. Bu haqda DXX xabar berdi.

“Andijon suv ta‘minoti” AJning viloyat tumanlaridan biridagi filiali boshlig‘i mansabdor tanishlari orqali 1983-yilda tug‘ilgan fuqaroning yangi qurilgan xonadoniga oqava suv tarmog‘i tortish uchun ruxsat olish hamda kanalizatsiya nasosini o‘rnatishda yordam berishni va‘da qilib, buning evaziga $8,5 ming talab qilgan.

O‘tkazilgan tezkor tadbirda mansabdor so‘ralgan pulni uchinchi shaxs orqali olayotgan vaqtida ushlandi.

Yana bir holatda Qashqadaryo viloyati OITSga qarshi kurashish markazining tumanlardan biridagi OIV diagnostika laboratoriyasi laboranti 1996-yilda tug‘ilgan fuqaroga nisbatan tayinlangan ekspertiza xulosasini mansabdor tanishlari orqali uning foydasiga ijobiy hal qilib berishni va‘da qilib, buning evaziga $3 ming olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.

Tezkor tadbir davom ettirilib, laborantdan $2,5 ming olayotgan Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazining tuman bo‘limi boshlig‘i ham ushlandi.

Har ikki holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling