Shavkat Mirziyoyev ikki tomonlama hujjatlarni imzolashga bag‘ishlangan marosim va qo‘shma loyihalar taqdimotida ishtirok etdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Tadbirda AQSh hukumati va moliya institutlari vakillari – savdo vakili Jeymison Grir, Prezidentning maxsus vakili Paolo Zampolli, Eksimbank prezidenti va raisi Jon Yovanovich, AQSh – O‘zbekiston savdo palatasi raisi Kerolin Lemm, shuningdek, “Traxys”, “Valmont Industries”, “Gulf Oil”, “Avigen Broiler Breeding Group”, “John Deere”, “BlackRock Financial Markets Advisory”, “Oppenheimer” va boshqa yetakchi kompaniyalar rahbarlari ishtirok etdi.
Videoaloqa orqali uchrashuvda O‘zbekiston hududlari rahbarlari ham qatnashdi.
Qo‘shma Shtatlar bilan hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari qatorida o‘ta muhim xomashyo, neft-kimyo, energetika, qishloq xo‘jaligi, parrandachilik va boshqa tarmoqlar ko‘rsatib o‘tildi.
AQSh Xalqaro moliyaviy taraqqiyot korporatsiyasi va Eksimbankining bitimlarga hamrohlik qilishda doimiy hamkorlar sifatidagi roli ortib borayotgani alohida qayd etildi.
Qo‘shma Ishbilarmonlik va investitsiya kengashining salohiyatidan faol foydalanish muhimligi taʼkidlandi.
Hududlararo aloqalarni mustahkamlash doirasida O‘zbekiston hududlari rahbarlarining AQShning hamkor shtatlariga tashriflarini tashkil etish topshirildi.
Davlat rahbari huzurida yoqilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘ini qurish, yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyalarini joriy etish, muhim minerallarni qazib olish va yetkazib berish, parrandachilik klasterini tashkil etish, agrosanoat, moliya bozorini rivojlantirish hamda investitsiya muhitini yaxshilash bo‘yicha ikki tomonlama hujjatlar imzolandi.