O‘zbekistonning Efiopiyadagi elchisi (qarorgohi Doha shahrida) Ashraf Xodjayev ushbu mamlakat prezidenti Taye Aske-Selassiyega ishonch yorliqlarini topshirdi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.
Marosim doirasida bo‘lib o‘tgan muloqot chog‘ida O‘zbekiston va Efiopiya o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
Efiopiya prezidenti O‘zbekistonning mamlakatdagi elchisi tayinlanganini mamnuniyat bilan qarshi oldi. U ikki tomonlama munosabatlarning izchil rivojlanishi va amaliy hamkorlikning yana-da kengayishiga ishonch bildirdi.
O‘zbekiston elchisi o‘z nutqida prezident Shavkat Mirziyoyevning eng ezgu tilaklari va samimiy salomini yetkazdi hamda o‘zaro manfaatli iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga tayyor ekanini taʼkidladi.
Efiopiya yetakchisi O‘zbekiston prezidentiga ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni yo‘lga qo‘yayotgani uchun minnatdorlik bildirdi va o‘zining ezgu tilaklarini yo‘lladi.
Maʼlumot uchun, O‘zbekiston va Efiopiya o‘rtasida diplomatik munosabatlar 1996-yil 15-iyulda o‘rnatilgan.