O‘zbekistonda avgust oyida ob-havo qanday bo‘ladi?

Oy boshida havo harorati ayrim hududlarda 43 darajagacha ko‘tarilishi, oy oxiriga borib esa 25–30 darajagacha pasayishi kutilmoqda.

Avgust oyida O‘zbekistonda o‘rtacha oylik havo harorati ko‘p yillik me‘yorlarga yaqin bo‘lishi kutilmoqda. Bu haqda O‘zgidromet xabar berdi.

Prognozga ko‘ra, avgust quruq va biroz issiq ob-havo bilan boshlanadi. 1–2-avgust kunlari havo harorati 38–41 darajagacha, janubiy va cho‘l hududlarda esa 42–43 darajagacha ko‘tariladi.

Shundan so‘ng havo harorati 3–5 darajaga pasayib, asosan 33–38 daraja, ayrim joylarda 40 darajagacha bo‘lishi kutilmoqda.

Oy oxiriga kelib, O‘zbekiston hududiga salqin havo oqimi kirib kelishi hisobiga harorat asta-sekin 25–30 darajagacha pasayishi mumkin.

Avgustning birinchi yarmida kechasi havo harorati 24–27 daraja, ikkinchi yarmida 17–22 daraja, oy oxiriga borib esa 12–15 darajagacha pasayishi prognoz qilinmoqda.

Shuningdek, oylik yog‘ingarchilik miqdori me‘yordan ko‘p, ayrim hududlarda esa me‘yor atrofida bo‘lishi kutilmoqda. Biroq sinoptiklar avgust oyida yog‘ingarchilikning ko‘p yillik me‘yori juda kam bo‘lishini eslatdi.

Oyning ikkinchi yarmida ayrim kunlari qisqa muddatli, kuchsiz yomg‘ir yog‘ishi mumkin.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling