O‘zbekistonda bahor faslida ob-havo qanday bo‘ldi?

Havo harorati o‘tacha ko‘p yillik qiymatlardan 1-2 darajaga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha 2-2,5 daraja ko‘p bo‘ldi.

O‘zbekiston bo‘yicha 2026-yil bahor mavsumi iliq bo‘ldi. Bu haqda O‘zgidromet xabar berdi.

Respublika hududining katta qismida bahor mavsumining o‘rtacha havo harorati o‘tacha ko‘p yillik qiymatlardan 1-2 darajaga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha 2-2,5 daraja ko‘p bo‘ldi.

Bahor faslining uch oyi ham iliq keldi. O‘rtacha oylik havo haroratinig ko‘tarilishi bir tekis bo‘lib, iqlim me‘yorlari ko‘tarilishi bilan mos bo‘ldi.

Bahorning eng sovuq davri mart oyining birinchi va ikkinchi o‘n kunliklarida qayd etilib, iqlim me‘yoridan o‘rtacha 1-3 darajaga sovuqroq bo‘ldi.

10-13-mart kunlari havoda sovuq qayd etildi. Kechalari harorat 2-7 daraja sovuqqacha, respublika shimolida va cho‘l hududlarida 8-13 daraja sovuqqacha pasaydi. Faqat Surxondaryo viloyatida sovuq kuzatilmadi.

Mart oyining uchinchi o‘n kunligida harorat keskin ko‘tarildi, u mart oyi birinchi ikki haftasidagi sovuq sharoitni qopladi. Ushbu davrning o‘rtacha havo harorati iqlim me‘yoridan 4-6 darajaga, respublikaning shimoli-g‘arbiy hududlarida 7-9 darajaga yuqori bo‘ldi. 

Maksimal harorat 27-30 darajaga, shimolda, cho‘l hududlarda ba‘zi joylarda 31-32 darajaga yetdi. Qator hududlarda (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Farg‘ona vodiysi, Samarqand, Sirdaryo viloyatlarining ayrim joylarida) maksimal havo harorati barcha kuzatuv yillari uchun mart oyi mutlaq maksimumiga yaqin bo‘ldi.

Mart va aprel oylarida asosan iliq ob-havo qayd etildi.

Eng iliq, hatto yoz fasliga o‘xshash issiq kunlarda maksimal harorat quyidagi qiymatlarga yetdi:

aprel oyida 28-33 daraja, respublika shimolida, janubida va cho‘l hududlarida 34-36daraja;

may oyida 34-39 daraja, shimolda, cho‘l hududlarda va janubda 40-41 daraja, Termiz hududida 42 darajagacha bo‘lishi kuzatildi.

2026-yil bahor mavsumida, o‘tgan yilgi quruq bahordan farqli, yog‘ingarchilik me‘yor atrofida, ba‘zi joylarda me‘yordan ko‘p bo‘ldi. 

Faqat respublika janubida ayrim joylarda biroz yog‘ingarchilik taqchilligi (me‘yordan 70-80%) kuzatildi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling