72,95 mlrd so‘mlik soliq qarzini “hal qilib berish” uchun 110 ming dollar talab qilgan bank mansabdori ushlandi

U 30 ming dollar olgan paytda ushlangan.

Bank mansabdor xodimiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, deb xabar berdi DXX.

Bankning amaliyot boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Toshkent viloyatida qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi MCHJda o‘tkazilgan soliq auditi natijasida aniqlangan 72,95 mlrd so‘mlik soliq va boshqa majburiy to‘lovlarni «hal qilib berish»ni vaʼda qilgan. 

U bu masalani soliq tizimida yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali bartaraf etishini aytgan. Evaziga 110 ming dollar talab qilgan.

O‘tkazilgan tezkor tadbirda bank mansabdori kelishilgan pul mablag‘i hisobidan 30 ming AQSH dollarini oldindan olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Holat yuzasidan unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi va 28,211-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanildi. 

Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling