Foto: Prezident administratsiyasi
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqini 2023-yilni “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili”, deb e’lon qilgan holda o'z tabrigini izhor etdi.
"Sizni, butun ko‘p millatli O‘zbekiston xalqini kirib kelayotgan Yangi yil bayrami bilan chin qalbimdan tabriklayman. Barchangizga chuqur hurmat va ezgu tilaklarimni izhor etaman. Mashaqqatli va tinimsiz mehnat orqali 2022-yilda taraqqiyot yo‘lida salmoqli natijalarga erishdik. Inson manfaatlari, sha’ni va qadr-qimmatini ta’minlash borasida muhim qadamlar qo‘ydik. Jahon inqirozi va jahondagi og‘ir vaziyatga qaramay, O‘zbekiston iqtisodiyoti o‘sishda davom etmoqda", dedi Prezident.
Shavkat Mirziyoyev fermerlar mehnati bilan birga sanoat, qurilish, raqamli texnologiyalar va turizm sohalaridagi o‘sish sur’atlarini qayd etdi.
"Shaharlaru qishloqlar, butun mamlakatimiz o‘zgarib bormoqda. Yangi ish o‘rinlari yaratilmoqda, daromadlar oshib, aholi turmush darajasi yuksalmoqda. Iste’dodli yoshlarimiz xalqaro maydonda Vatan sha’nini yanada oshirmoqda. Mahalla institutining jamiyatdagi o‘rni va ahamiyati mustahkamlanmoqda. Eng muhimi, yurtimizda tinchlik va osoyishtalik, millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik hukm surmoqda. O‘zbekistonning jahon hamjamiyatidagi nufuzi ortib bormoqda", – deya qo‘shimcha qildi davlat rahbari.
Prezident vatandoshlariga minnatdorchilik bildirdi.
"Aziz do'stlar! Yangi yilda fuqarolarning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ta’minlash borasidagi ishlarni yanada kuchaytiramiz. Farzandlarimizning sifatli ta’lim va tarbiya olishi, barkamol shaxs bo‘lib voyaga yetishi uchun yangi sharoitlar yaratamiz. Muhtaram faxriylarimiz, xotin-qizlar va yordamga muhtoj har bir inson uchun har tomonlama g‘amxo‘rlik ko‘rsatishga e’tibor qaratiladi. Ilm-fan va madaniyat, tibbiyot namoyandalari, o‘qituvchi va murabbiylarni qo‘llab-quvvatlash biz uchun muhim ustuvor vazifa bo‘ladi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Yakunda Prezident O‘zbekiston xalqini yana bir bor tabrikladi.
"Hurmatli vatandoshlar! Mana shunday ajoyib damlarda barchangizni, butun xalqimizni kirib kelayotgan yangi – 2023-yil bilan yana bir bor chin qalbimdan tabriklayman. Yangi yil har bir oilaga sihat-salomatlik, baxt va farovonlik olib kelsin! Yurtimiz tinch bo'lsin. Yangi yilingiz bilan, azizlarim!", deya xulosa qildi O'zbekiston prezidenti.