2027-yil oxirigacha ishlab chiqarilganiga 5 yildan oshmagan ayrim yuk avtomobillari va yarim tirkamalarni O‘zbekistonga import qilishda bojxona boji hamda utilizatsiya yig‘imi undirilmaydi.
Bu prezidentning 7-iyuldagi “Avtomobil transportida yuk tashuvlarini amalga oshiruvchi tadbirkorlik subyektlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida belgilandi.
Hujjat bilan respublika yuk avtomobillari parkini yangilash va modernizatsiya qilish maqsadida qator imtiyozlar joriy etildi.
Qarorga ko‘ra, 2027-yil 31-dekabrgacha ishlab chiqarilganiga 5 yildan oshmagan, yuk tashishga mo‘ljallangan transport vositalarini (samosvallardan tashqari) import qilishda bojxona boji va utilizatsiya yig‘imining nol stavkalari qo‘llaniladi.
Imtiyozlar quyidagi transport vositalariga tatbiq etiladi:
- “Yevro-5” va undan yuqori ekologik standartlarga javob beradigan yuk avtomobillari va tortuvchi transport vositalari;
- to‘la vazni 15 tonnadan ortiq yoki yukxonasining ichki hajmi kamida 76 kub metr bo‘lgan yarim tirkamalar.
Bunda mazkur imtiyozlar asosida import qilingan transport vositalari bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazilgan kundan boshlab uch yil ichida eksport qilinsa yoki yoqilg‘i turini o‘zgartirishdan tashqari qayta jihozlanib, TIF TN kodi o‘zgarsa, imtiyozlar bekor qilinadi. Bu holatda tegishli bojxona to‘lovlari belgilangan tartibda undiriladi.