O‘qotar qurollarni o‘z ixtiyori bilan topshirgan shaxslar mukofotlanadi

Topshirilayotgan qurol qismlarga ajratilgan, patronlari chiqarib olingan bo‘lishi kerak.

Hukumat ro‘yxatga olinmagan qurol, uning o‘q-dorilari, o‘qotar qurolning asosiy qismlari, portlovchi materiallar va portlatish qurilmalarini ichki ishlar organlariga ixtiyoriy topshirish hamda buning uchun rag‘batlantirish tartibini tasdiqladi.

Yangi nizomga ko‘ra, jismoniy shaxs yoki yuridik shaxs rahbari ro‘yxatga olinmagan qurol va boshqa taqiqlangan ashyolarni topshirish istagini bildirib, bu haqda ichki ishlar organlariga og‘zaki yoki yozma murojaat qilsa, ular ixtiyoriy ravishda topshirilgan deb hisoblanadi.

Buning uchun ariza beruvchi yashash (turar) joyi bo‘yicha ichki ishlar organiga murojaat qiladi.

Topshirilayotgan qurol qismlarga ajratilgan, patronlari chiqarib olingan hamda qurol va o‘q-dorilar begona shaxslar ko‘ra olmaydigan tarzda o‘ralgan bo‘lishi kerak.

Mintaqaviy texnik komissiya topshirilgan ashyolar bo‘yicha pul mukofoti berish yoki rad etish, shuningdek, o‘qotar qurol va uning o‘q-dorilarini imtiyozli sotib olish huquqini berish yoki rad etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.

Pul mukofoti Qoraqalpog‘iston Respublikasi ichki ishlar vaziri, Toshkent shahar va Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmalari hamda viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari rahbarlarining buyruqlari asosida to‘lanadi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling