Foto: Sanepid
Virusologiya ilmiy-tadqiqot institutida O‘zbekistonga Misrning beg‘araz yordami sifatida yuborilgan "gepatit C" virusiga qarshi dori vositalari qabul qilib olindi.
Qayd etilishicha, tadbirda sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Ulug‘bek Sobirov, Misrning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Amira Faxmi, Tashqi ishlar vazirligi Yaqin Sharq va Afrika bo‘limi boshlig‘i Ismatilla Fayzullayev, Respublika ixtisoslashtirilgan epidemiologiya, mikrobiologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Virusologiya ilmiy-tadqiqot instituti direktori Erkin Musabayev va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan.
Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, har yili dunyoda 200 million kishi "gepatit C" virusi bilan kasallanmoqda. Har yili 350 mingdan ortiq bemor "gepatit C" virusi asoratlari tufayli vafot etmoqda.
Butunjahon gepatit alyansining 2021-yil iyuldagi ma’lumotlariga ko‘ra, gepatit B va C virusi sababli har yili 1,4 million odam vafot etadi. Bu esa OIV/OITS va bezgakdan ko‘proq deganidir.
Shavkat Mirziyoyevning 2022-yil 16-maydagi “Ayrim dolzarb virusli infeksiyalar tarqalishiga qarshi kurashish chora-tadbirlarini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarorida quyidagilar aholi orasida ayrim virusli infeksiyalarni o‘z vaqtida profilaktika va diagnostika qilish, ularni davolash bo‘yicha aholiga ko‘rsatiladigan tibbiy-ijtimoiy yordamni yanada takomillashtirish va kengaytirishning asosiy yo‘nalishlari etib belgilangan:
— virusli gepatitlarning “В” va “С” turlarini erta aniqlash uchun respublikaning barcha hududlarida skrining tekshiruvlarini o‘tkazish va kasallikni davolash qamrovini oshirish;
— skrining tekshiruvlarida virusli gepatit “С” turi aniqlangan bemorlarni davolash jarayonida dori vositalari bilan bepul ta’minlash;
— sog‘liqni saqlash tizimining birlamchi bo‘g‘inida virusli infeksiyalarni aniqlash uchun sarflov materiallari (reagent va test-to‘plamlari) bilan bosqichma-bosqich to‘liq ta’minlash;
— barcha davolash-profilaktika muassasalari, sanitariya-epidemiologiya xizmati hamda nodavlat tibbiyot tashkilotlarida jigar surunkali virusli kasalliklarining yagona elektron reyestrini yaratish va uni yuritish.
Misr hukumati tomonidan beg‘araz yordam sifatida yuborilgan "gepatit C" virusiga qarshi umumiy qiymati 302 ming dollarga teng 15 ming dona "Sofosbuvir" va 15 ming dona "Daklatasvir" (jami 30 ming dona) dorilar respublikada skrining tekshiruvlarida virusli gepatitning S turi aniqlangan bemorlarga bepul tarqatiladi.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling