“Milliy tiklanish” partiyasi raisi, deputat Alisher Qodirov O‘zbekistonda ayollarni pasportga ro‘molini yechib tushishga majburlashni to‘xtatish kerakligini aytdi.
Deputat O‘zbekistonning dunyoviy davlat ekanligi tortishilmasligi, dunyoviy davlat ko‘pchilik saylagan parlament tomonidan qabul qilinib, ko‘pchilik saylagan prezident tomonidan maqullangan qonunlarni buzmagan holda, o‘zi istaganidek yashash imkonini berishini aytgan.
“Vatanimizda barcha millat va dunyoqarashdagi vatandoshlar emin-erkin, qonunlarni buzmagan holda farovonlikka intilishi uchun sharoit yaratish ustuvor maqsad ekanligi mustahkam belgilangan. Hamma teng va hech kim kamsitilmasligi kafolatlangan.
Agar biron vatandosh pivo ichmoqchi bo‘lsa, ichadi, bu uning tanlovi, ichmaydigan vatandosh ichmaydi va buning sababini har ikki toifa hech kimga izoh berishga majbur emas.
Alkogolni ichish mumkin, lekin reklama qilish mumkinmas, bu amaldagi qonunda belgilangan, albatta, parlament saylovlarini mutlaqo yutadigan biron siyosiy kuch qonunni o‘zgartirib alkogolni “milliy qadriyat”, bir jinslilarni oila qurish talabini esa erkin tanlov sifatida norma qilishi ham mumkin, bunga siz huquq berasiz…”, deb yozgani Alisher Qodirov
Deputat “Milliy tiklanish” partiyasi har qanday taraqqiyotni qadriyatlarga tayanishi kerak degan g‘oyasida mustahkamligini eslatib qo‘ygan.
“Jenifer Lopesni konserti serdaromad ish va yopiq tadbir, narkotika tarqatib, davlatga qarshi targ‘ibot qilmasa, o‘tkazadi, tanasini ko‘rsatish uni tanlovi, ko‘rish esa tadbirga bilet olganlarniki, dunyoviylik shu!
Lekin, xuddi shunday o‘ranib yurmoqchi bo‘lgan ayol vatandoshni ham tanlovi qonun bilan himoya qilingan. Yalong‘och namoyishini dunyoviylik deb qabul qildik, endi yopinib yurish huquqiga ham dahl qilmaslik kerakligini qabul qilaylik. Lopesga qanday kiyinishni o‘rgatmaganimizdek, e‘tiqodli ayollarimizga ro‘molni qanday o‘rashni o‘rgatishni, qolaversa, shu yoshga kelib e‘tiqodi talabiga rioya qilgan ayollarni pasportga ro‘molini yechib tushishga majburlashni ham to‘xtatish kerak. Identifikatsiya talablari yuzni ochiq bo‘lishini taqozo qiladi, sochni emas. Lopesga ko‘rsatgan bag‘rikengligimizni dindor ayollarimizga ham ko‘rsataylik.
Dunyoviylik ishonganga ham, ishonmaganga ham teng bo‘laolish degani, zo‘rni zaifga hayotdan dars berishi emas.
Lopes raqsini tushunish uchun Markesni dunyo falsafasini o‘qigan bo‘lish kerak…”, deb yozgan Alisher Qodirov.