Bosh prokuratura xabariga ko‘ra, 2007-yilda tug‘ilgan K.X. onasiga tegishli Cobalt avtomobilini boshqarib yurgan vaqtida o‘zini go‘yoki Qibray tumani prokuraturasi xodimi sifatida tanishtirib, soxta xizmat guvohnomasidan foydalangan.
12-iyul kuni Bosh prokuratura Shaxsiy xavfsizlik boshqarmasi hamda Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlari tomonidan o‘tkazilgan reyd davomida u Qibray tumanida to‘xtatilgan.
Ma‘lum qilinishicha, K.X. yo‘l harakati qoidabuzarligi uchun javobgarlikdan qochish maqsadida o‘zini prokuratura xodimi deb tanishtirib, soxta guvohnomani ko‘rsatgan.
Unga nisbatan ma‘muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, avtomobili jarima maydonchasiga joylashtirilgan.
Avtomobil ko‘zdan kechirilganda esa unda boshqa davlat raqam belgisi ham borligi aniqlanib, hodisa joyidan soxta guvohnoma va bir juft davlat raqam belgisi ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 228-moddasi (qalbaki hujjat tayyorlash, undan foydalanish) tegishli qismlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.