O‘zbekistonda anomal issiq chekinmoqda: hafta o‘rtasidan havo 30 darajagacha pasayadi

21–24 iyul kunlari respublikaning aksar qismida kunduzgi harorat 32–37 darajagacha tushishi kutilmoqda.

O‘zbekistonda 20-iyuldan boshlab harorat pasaya boshladi. Bu haqda O‘zgidromet xabar berdi.

Bugun sovuqroq havo avvalo shimoli-g‘arbiy hududlarni qamrab olsa, ertadan boshlab respublikaning barcha hududlarida havo salqinlashadi.

21–24 iyul kunlari O‘zbekistonning katta qismida yog‘ingarchilik kutilmaydi. Faqat 21-iyulda Qoraqalpog‘istonda, 22-iyulda esa Farg‘ona vodiysining ayrim joylarida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi va momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Tog‘li hududlarda ham ayrim joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi.

Ertadan boshlab ish haftasi oxirigacha kechalari havo harorati 20–25 darajagacha, kunduzlari 32–37 darajagacha, ayrim hududlarda esa 30 darajagacha pasayadi. 20–22 iyul kunlari ayrim joylarda shamol tezligi 20–22 m/s gacha kuchayishi, chang-to‘zonlar kuzatilishi mumkin.

Toshkentda bugun havo 41–43 darajagacha isiydi. Ertadan boshlab kunduzgi harorat 36–38 darajagacha, 22–24 iyul kunlari esa 31–34 darajagacha pasayishi prognoz qilinmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling