O‘zbekistonda iyuldagi anomal issiq qator harorat rekordlarini yangiladi

Toshkentda havo harorati 44,3 darajaga yetib, 1997-yildagi mutlaq rekorddan atigi 0,3 daraja past bo‘ldi.

“O‘zgidromet”ning ma‘lum qilishicha, iyul o‘rtalarida kuzatilgan anomal issiq davrida havo harorati respublikaning aksariyat hududlarida 43–45 daraja, janubiy va cho‘l hududlarida esa 46–49 darajagacha ko‘tarildi. 

Eng yuqori harorat 18–19 iyul kunlari, shimoli-g‘arbiy hududlarda esa 16–18 iyul kunlari qayd etilgan.

Qayd etilishicha, bu ko‘rsatkichlar O‘zbekistonda meteorologik kuzatuvlar tarixidagi eng yuqori qiymatlarga juda yaqinlashdi. Bir qator hududlarda yangi harorat rekordlari o‘rnatildi. 

Xususan, Toshkentda 19-iyul kuni havo harorati 44,3 darajani tashkil etib, 1997-yil 18-iyuldagi mutlaq rekorddan atigi 0,3 daraja past bo‘ldi. Farg‘ona vodiysi viloyat markazlarida esa maksimal harorat bo‘yicha rekordlar 2–3 marta yangilandi.

Sinoptiklarning tushuntirishicha, ekstremal issiq Eron hududi ustida shakllangan yuqori troposferadagi kuchli baland bosim tizmasi ta‘sirida yuzaga kelgan. 

Ushbu tizim Markaziy Osiyoni qamrab olishi natijasida bulutlilik keskin kamayib, quyosh radiatsiyasi kuchaygan va havo harorati favqulodda yuqori darajaga ko‘tarilgan.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling