Energetika vazirligi ma‘lum qilishicha, 18-iyul, shanba kuni O‘zbekiston yagona energetika tizimida elektr energiyasi iste‘moli yozgi mavsum uchun rekord darajaga — 294,4 mln kVt·soatga yetdi.
Bu o‘tgan yilgi yozgi rekorddan 8 foizga, 17-iyuldagi ko‘rsatkichdan esa 0,34 foizga yuqori bo‘ldi.
Shuningdek, sutkalik elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi ham 297,1 mln kVt·soatni tashkil etib, bir kun avvalgi rekorddan 1 mln kVt·soatga oshdi. Kechki eng yuqori yuklama esa 13,7 GVtga yetgan.
Vazirlikning qayd etishicha, 19-iyul, yakshanba kuni ham issiq havo sabab tizim yuklamasi 13,4 GVtni tashkil etgan. Bu dam olish kunlarida ham elektr energiyasiga talab yuqori darajada saqlanayotganini ko‘rsatmoqda.
18-iyul kuni Toshkentning Olmazor, Chilonzor, Mirzo Ulug‘bek, Mirobod, Yunusobod, Uchtepa va Yashnobod tumanlaridagi ayrim elektr tarmoqlarida texnik nosozliklar sabab qisqa muddatli avariyaviy uzilishlar kuzatildi.
Vazirlik barcha nosozliklar bartaraf etilgani va iste‘molchilarning elektr ta‘minoti to‘liq tiklanganini bildirdi.