Interpolning O‘zbekistondagi Milliy markaziy byurosi ma‘lum qilishicha, xalqaro qidiruvda bo‘lgan O‘zbekiston fuqarosi Polshadan ekstraditsiya qilindi.
Qayd etilishicha, Varshava aeroportida Polshaning vakolatli organlari yirik miqdordagi firibgarlikni sodir etganlikda ayblanayotgan shaxsni O‘zbekiston Interpol Milliy markaziy byurosi vakillariga topshirgan.
Ma‘lum qilinishicha, O‘zbekistonning Polshadagi elchixonasi ko‘magida Toshkent va Varshava Interpol milliy markaziy byurolari o‘rtasida o‘tkazilgan muzokaralar, axborot almashinuvi hamda hamkorlikdagi tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida qidiruvdagi shaxsning transchegaraviy harakatlari aniqlanib, u Polsha hududida qo‘lga olingan.
Polsha vakolatli organlari ekstraditsiya to‘g‘risida ijobiy qaror qabul qilganidan so‘ng, gumonlanuvchi O‘zbekistonga olib kelish va sudga tortish uchun mamlakat huquqni muhofaza qiluvchi organlari xodimlariga topshirildi.