Toshkentning ayrim yo‘llarida avtomobillar harakati besh kunga cheklanadi

18–22-iyul kunlari Bektemir va Yangihayot tumanlaridagi ayrim yo‘llarda ko‘prik qurilishi hamda rekonstruksiya ishlari sabab transport harakati vaqtincha cheklanadi.

Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati ma‘lum qilishicha, 18–22-iyul kunlari D-002 va D-021 avtomobil yo‘llari kesishmasida ko‘prik qurilishi hamda yo‘llarni rekonstruksiya qilish ishlari olib borilishi munosabati bilan Toshkentning ayrim hududlarida transport harakati vaqtincha cheklanadi.

Xususan, Bektemir tumani hududidagi D-012 “Bektemir–Chirchiq–Chorvoq” avtomobil yo‘lining 6-kilometridan Iyk ota tomonga yuk transporti harakati, 2-kilometridan esa Food City majmuasi tomon barcha transport vositalari harakati cheklanadi. 

Yuk mashinalari “Rohat” aylanma yo‘li orqali, boshqa transport vositalari esa Furqat ko‘chasi va Bektemir tumanidagi aylanma yo‘llar orqali harakatlanadi.

Shuningdek, Yangihayot tumanida D-021 avtomobil yo‘lining Qipchoq va Surum chorrahalaridan, Bektemir tumanida esa D-002 avtomobil yo‘lining Parkent trakti ko‘chasi bilan kesishgan chorrahasidan transport vositalari harakati vaqtincha cheklanadi.

Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati haydovchilarga yo‘nalishlarini oldindan rejalashtirish, aylanma yo‘llardan foydalanish hamda yo‘l belgilari va YPX xodimlarining qonuniy talablariga amal qilishni tavsiya qildi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling