20-iyul kuni O‘zbekiston yagona energetika tizimida elektr energiyasi iste‘moli va ishlab chiqarish bo‘yicha yangi rekordlar qayd etildi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, anomal issiq havo sharoitida sutkalik elektr energiyasi iste‘moli 301,9 mln kVt·soatni tashkil etdi. Bu o‘tgan yozgi mavsumdagi eng yuqori ko‘rsatkichdan 29,3 mln kVt·soatga yoki 10,75 foizga, 18-iyulda qayd etilgan avvalgi rekorddan esa 7,5 mln kVt·soatga ko‘p.
Shu kuni soat 17:22 da yagona energetika tizimining maksimal quvvati 14,2 GVtga yetdi.
Shuningdek, sutkalik elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi ham 305,4 mln kVt·soatni tashkil etib, yangi rekord o‘rnatildi. Bu 18-iyuldagi avvalgi eng yuqori ko‘rsatkichdan 8,3 mln kVt·soatga yoki 2,79 foizga yuqori bo‘ldi.
Vazirlikning ta‘kidlashicha, yuqori yuklama sharoitida energetika tizimi barqaror ishlagan. Shu bilan birga, Toshkentning ayrim hududlarida elektr tarmoqlarida nosozliklar yuzaga kelib, bir necha ming iste‘molchi vaqtincha elektr ta‘minotidan uzilgan.
Avariya-ta‘mirlash brigadalari tomonidan nosozliklar qisqa muddatlarda bartaraf etilib, barcha iste‘molchilarga elektr ta‘minoti tiklangan.