Shavkat Mirziyoyev 20-iyul kuni ichimlik va oqova suv xizmatlarini yana-da yaxshilash chora-tadbirlari yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Kelgusi yillarda ichimlik suvi taʼminotini 90 foizga, shaharlarda kanalizatsiya xizmati qamrovini 80 foizga yetkazish maqsad qilingan. Buning uchun qo‘shimcha 1,3 mlrd dollar investitsiya jalb etilishi ko‘zda tutilgan.
Davlat rahbari erishilgan natijalar bilan birga loyihalarni shakllantirish va amalga oshirish, mavjud muammolarni o‘z vaqtida aniqlash hamda bartaraf etish tizimi hali talab darajasida emasligini ko‘rsatib o‘tdi.
Xususan, Andijon shahridagi kanalizatsiya tizimida yuzaga kelgan muammolarni bartaraf etish uchun 107 mlrd so‘m ajratildi. Sergeli tumanida yoqimsiz hid tarqalishining oldini olish maqsadida zamonaviy filtrlarni o‘rnatish ishlari boshlandi.
Surxondaryo viloyati aholisini To‘palang suv omboridan ichimlik suvi bilan taʼminlash loyihasi doirasida Termiz shahrigacha tarmoq tortib kelindi. Yil yakuniga qadar Sherobod, Muzrabot, Angor va Jarqo‘rg‘on tumanlariga ham suv yetkazib berilishi belgilandi.
Taqdimotda hududlardagi eng dolzarb masalalarni hal qilishga qaratilgan aniq vazifalar ko‘rsatib o‘tildi. Jumladan, 513 ta mahallaga markazlashgan ichimlik suvini olib borish, yana 3 mingta mahallada taʼminot sifatini yaxshilash zarurligi taʼkidlandi.
Ichimlik suvini xonadongacha yetkazish ishlarini to‘liq yakunlash masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Shu maqsadda 232 mingta suv kolonkasi o‘rniga tarmoqlarni bevosita uylargacha tortish ko‘zda tutilgan.
Yil yakuniga qadar umumiy qiymati 600 mln dollarlik ishlar amalga oshiriladi. Ularning doirasida 1,6 ming kilometr ichimlik suvi va 387 km kanalizatsiya tarmog‘i, 80 ta suv hamda 29 ta oqova suv inshooti quriladi.
Natijada 107 ta mahalladagi 310 ming aholi ilk bor markazlashgan ichimlik suvi bilan taʼminlanadi, 453 ta mahallada istiqomat qiluvchi 2,5 mln aholi uchun suv taʼminoti yaxshilanadi.
Qashqadaryo viloyatida “Hisorak” suv omboridan ichimlik suvi olib kelish loyihasini jadallashtirish vazifasi qo‘yildi. Qiymati 217 mln dollar bo‘lgan ushbu loyiha Qamashi, G‘uzor va Qarshi tumanlari hamda Qarshi shahridagi 1,1 mln aholining ichimlik suvi taʼminotini yaxshilash imkonini beradi.
Mutasaddilarga loyihaning texnik-iqtisodiy hisob-kitoblari ekspertizasini qisqa muddatda yakunlash va moliyalashtirish manbasini aniqlash topshirildi.
Shuningdek, Farg‘ona, Surxondaryo va Jizzax viloyatlarida ichimlik va oqova suv tizimlarini rivojlantirish bo‘yicha qarz va grant bitimlarini imzolash, poytaxtda yangi kanalizatsiya inshootini qurish loyihasi yuzasidan yakuniy xulosa kiritish vazifalari belgilandi.
1-sentabrga qadar umumiy qiymati 317 mln dollarlik 6 ta loyiha bo‘yicha xorijiy hamkorlar bilan muzokaralarni yakunlash va moliyalashtirish manbalarini belgilash zarurligi qayd etildi.
Suv taʼminoti korxonalarining moliyaviy barqarorligini taʼminlash masalasi ham muhokama qilindi. Amaldagi tariflar xizmatlarning haqiqiy tannarxini to‘liq qoplamayotgani, hududlar kesimida keskin farqlar mavjudligi sohaning investitsiyaviy jozibadorligiga salbiy taʼsir ko‘rsatayotgani ta‘kidlandi.
Shu munosabat bilan ichimlik suvini ishlab chiqarish va isteʼmolchilarga yetkazib berish vazifalarini ajratish, Magistral suv taʼminoti korxonasini tashkil etish taklif qilindi. U hududiy korxonalarga ichimlik suvini yagona ulgurji tarif asosida yetkazib beradi.
Ichimlik va oqova suv xizmatlari tariflarini shaffof va iqtisodiy asoslangan mezonlar asosida belgilash uchun Idoralararo tarif komissiyasini tashkil etish, 2027-yil 1-apreldan budjet tashkilotlari uchun yagona tarifni joriy qilish vazifasi qo‘yildi.
Demografik va iqtisodiy o‘sish natijasida 2030-yilga borib, mamlakatimizda ichimlik suvi isteʼmoli hozirgi 941 mln kub metrga nisbatan yana 230 mln kub metrga ortishi kutilmoqda. Bu suv resurslarini aniq hisobga olish va yo‘qotishlarni kamaytirishni taqozo etadi.
Shu bois, isteʼmolchilar bilan hisob-kitoblarni to‘liq onlayn tizimga o‘tkazish, shahar va tuman markazlaridagi barcha isteʼmolchilardan masofadan maʼlumot uzatuvchi zamonaviy suv hisoblagichlarini o‘rnatish belgilandi.
Suv inshootlari va tarmoqlarining raqamli xaritasini yaratish, boshqaruvga “SCADA”, “GIS”, telemetriya va yagona billing tizimlarini keng joriy etish orqali suv yo‘qotishlarini 35 foizdan 25 foizga tushirish vazifasi qo‘yildi.
Sohada sunʼiy intellekt asosida nasos uskunalarining ishini tahlil qilish, avariyalar va suv oqishini oldindan aniqlash, isteʼmol hajmini prognozlash hamda aholi murojaatlarini tezkor ko‘rib chiqishga qaratilgan loyihalar ham taqdimot qilindi.
Kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish maqsadida “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universitetida alohida fakultet ochish taklifi qo‘llab-quvvatlandi. Shuningdek, hududlardagi texnikumlar bazasida ichimlik va oqova suv yo‘nalishida dual taʼlimni yo‘lga qo‘yish vazifasi belgilandi.