Adliya vazirligi Bank faoliyatiga ruxsat berish tartibi va shartlari to‘g‘risidagi nizomga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.
Yangi tartibga ko‘ra, tadbirkorlik subyektlari tomonidan islomiy bank tashkil etish hamda an‘anaviy banklar huzurida “islomiy darchalar”ni ochishning huquqiy asoslari yaratildi.
“Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, islomiy bank faoliyati litsenziya asosida amalga oshiriladi.
Hujjat bilan islomiy banklar va “islomiy darchalar”ni tashkil etishda Markaziy bank bilan kelishilgan Islomiy moliya kengashi, malaka talablariga javob beradigan mas‘ul rahbar hamda islomiy moliya standartlariga muvofiqlik siyosatining mavjud bo‘lishi majburiy etib belgilandi.
Shuningdek, Islomiy moliya kengashi a‘zolarining ma‘lumoti, ish tajribasi, arab tilini bilishi hamda AAOIFI sertifikatlariga oid talablar belgilandi.
Bundan tashqari, Markaziy bank bilan kelishilgan rahbar xodim ish boshlaganidan keyin bu haqda besh ish kuni ichida regulyatorni yozma xabardor qilish talabi bekor qilindi.