Toshkentda soxta xarid cheklari orqali 1,4 mlrd so‘m keshbek o‘zlashtirilgani aniqlandi

Uchta MChJ mas‘ullari 322,4 mlrd so‘mlik mahsulot yetkazib berilgani haqida soxta ma‘lumotlar rasmiylashtirgan.

Toshkent shahrida uchta MChJ mas‘ullari soxta xarid cheklari orqali 1,4 mlrd so‘m budjet mablag‘ini keshbek ko‘rinishida noqonuniy o‘zlashtirgani aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament xabar berdi.

“E.P.”, “M.M.” va “E.S.” MChJlar mas‘ullari o‘zaro til biriktirib, go‘yoki 322,4 mlrd so‘mlik mahsulot yetkazib berilgani haqida soxta ma‘lumotlar rasmiylashtirgan.

Shuningdek, ular nazorat-kassa mashinalari orqali savdo tushumlarini rasmiylashtirib, mahsulotlar fuqarolarga sotilgani haqida 3 363 ta xarid cheki shakllantirgan. 

Natijada ijtimoiy himoya reyestriga kiritilgan fuqarolarga Soliq ilovasi orqali 1,4 mlrd so‘m keshbek to‘lanib, budjet mablag‘lari talon-toroj qilingan.

Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling