Andijon va Qashqadaryo viloyatlarida o‘qishga kiritib qo‘yish bilan bog‘liq firibgarlik holatlari fosh etildi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, Paxtaobod tumanida fuqarolar O.X. (muqaddam sudlangan) va T.K. fuqaro B.M.ning ishonchiga kirib, uning turmush o‘rtog‘ining o‘qishini Qirg‘iziston davlat universitetidan Andijon davlat universitetiga ko‘chirib berishni vaʼda qilgan.
Buning evaziga 2 500 dollar va 9,6 mln so‘mni qo‘lga kiritgan. Ushbu pullar hisobidan 700 dollarning qaytarilishi protsessual tartibda rasmiylashtirilgan.
Shuningdek, Kasbi tumanida fuqaro N.G‘. fuqaro Q.J.ga go‘yoki Qozog‘iston oliygohida 2-kursni tamomlaganligi haqida hujjatlar rasmiylashtirib berib, uni Qarshi shahridagi xususiy oliygohlardan biriga o‘qishga kiritib qo‘yishni vaʼda qilgan.
Buning evaziga 1 000 dollar olgan vaqtida ushlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.