Toshkentda beshta avtobus yo‘nalishining harakati vaqtincha o‘zgartirildi

Bektemir yo‘li va Katta halqa yo‘li kesishmasidagi ta‘mirlash ishlari sabab 93, 110, 117, 128 va 130-sonli avtobuslar aylanma yo‘nalishda qatnaydi.

Bektemir yo‘li va Katta halqa yo‘li kesishmasida ta‘mirlash ishlari olib borilishi munosabati bilan ayrim avtobus yo‘nalishlarining harakati vaqtincha o‘zgartirildi. Bu haqda poytaxt transport va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish bosh boshqarmasi xabar berdi.

O‘zgarish 93, 110, 117, 128 va 130-sonli avtobuslarga taalluqli. Ular Food City savdo markazidan keyin Katta halqa yo‘li, Furqat va Bektemir yo‘li ko‘chalari orqali harakatlanadi.

Boshqarma ta‘mirlash ishlari sabab ushbu hududda tirbandliklar yuzaga kelishi, avtobuslar harakati va intervali odatdagidan farq qilishi mumkinligini bildirib, yo‘lovchilardan qatnovlarini oldindan rejalashtirishni so‘radi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling