O‘zbekistonning Belarusdagi yangi tayinlangan Favqulodda va Muxtor Elchisi Nuriddin Mamajonov Minsk shahriga yetib bordi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
45 yoshli Nuriddin Mamajonov bunga qadar Farg‘ona viloyati hokimining investitsiyalar va tashqi savdo masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.
U Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti hamda Chexiyaning Bogemiya markaziy universitetini tamomlagan. Shuningdek, Pragadagi Yevropa amaliy fanlar va menejment institutida biznes boshqaruvi doktori (DBA) darajasini olgan.
Faoliyati davomida Adliya va Tashqi ishlar vazirliklarida, O‘zbekistonning Germaniyadagi elchixonasi hamda Frankfurt-Mayn shahridagi Bosh konsulxonasida turli lavozimlarda ishlagan.
2022–2023-yillarda esa O‘zbekistonning Xitoydagi elchixonasida savdo-iqtisodiy masalalar bo‘yicha maslahatchi va Tashqi ishlar vazirligi Iqtisodiy diplomatiya departamenti boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.
Nuriddin Mamajonov ushbu lavozimda 2024–2026-yillarda ishlagan Rahmatulla Nazarov o‘rnini egalladi.