Havo harorati pasayishi sababli metan "zapravkalar” faoliyatiga vaqtincha cheklov kiritildi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.
Aholi xonadonlari, tibbiyot va ta‘lim muassasalarini birinchi navbatda tabiiy gaz bilan ta‘minlash ustuvor vazifa hisoblanadi.
Shu sababli avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari metan "zapravkalar” faoliyatiga vaqtincha cheklov kiritildi.
Bu choralar faqat sovuq kunlarda aholi uchun barqaror ta‘minotni ta‘minlashga qaratilgan bo‘lib, vaziyat barqarorlashishi bilan cheklovlar bekor qilinadi.
Hududlardagi vaziyatga qarab qo‘shimcha ma‘lumot taqdim etiladi.
Vazirlikka ko‘ra, “O‘zbekneftgaz” AJ birja savdolariga chiqarilayotgan kunlik avtobenzin hajmini talabga qarab yetarli darajada oshiradi.
Buning uchun barcha hududlarda zarur miqdorda zaxiralar yaratildi. Isteʼmolchilarning avtobenzinga bo‘lgan talabini to‘liq qondirish masalasi davlat nazoratiga olinib, barcha zaruriy choralar ko‘rilgan.
"Nazorat tadbirlari kuchaytirilib, narxlarning asossiz ravishda oshirib yuborilishiga yo‘l qo‘yilmaydi", deyiladi xabarda.