Toshkentning ayrim hududlarida bir sutkaga ichimlik suvi o‘chiriladi

Bunga Ulug‘bek tumanidagi suv taqsimlash inshootida profilaktika ishlari olib borilishi sabab bo‘ladi.

Toshkentning ayrim hududlarida ichimlik suvi ta‘minoti vaqtincha to‘xtatiladi. Bu haqda poytaxt hokimligi xabar berdi.

3-avgust soat 10:00 dan 4-avgust soat 10:00 gacha Mirzo Ulug‘bek tumanidagi suv taqsimlash inshootida rejali profilaktika ishlari o‘tkaziladi. Ishlar davomida diametri 1200 millimetr bo‘lgan ikkita hamda diametri 800 millimetr bo‘lgan uchta magistral zulfin almashtiriladi.

Hokimlikka ko‘ra, profilaktika ishlari suv ta‘minoti tarmoqlaridagi bosimni barqarorlashtirish, ichimlik suvining bir me‘yorda taqsimlanishini ta‘minlash, tizim ishonchliligini oshirish hamda elektr energiyasi sarfini kamaytirishga qaratilgan.

Profilaktika ishlari sabab 22 ta mahalla, 884 ta ko‘p qavatli uy, 7006 ta yakka tartibdagi xonadon, 242 ta davlat va ijtimoiy soha muassasasi hamda 33 mingdan ortiq aholi vaqtincha markazlashgan ichimlik suvi ta‘minotidan uziladi.

Suv ta‘minoti vaqtincha to‘xtatiladigan mahallalar va ijtimoiy muassasalarga ichimlik suvi maxsus avtosisternalar orqali yetkazib berilishi ma‘lum qilindi.

Hokimlik aholidan zarur miqdordagi ichimlik suvi zaxirasini oldindan tayyorlab qo‘yishni so‘radi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling