Foto: Tez News
Prezident Shavkat Mirziyoyev issiqxona xoʻjaliklarini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar taqdimotlari bilan tanishdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
Statistik maʼlumotlarga koʻra, Oʻzbekistonda 3 mingdan ortiq issiqxona mavjud. Ularning umumiy maydoni 6,3 ming gektardan ortiq boʻlib, soʻnggi besh yilda shundan 4,3 ming gektarida issiqxonalar tashkil etildi.
Ularda yetishtirilayotgan mahsulotlar ichki bozorni toʻldirish, oziq-ovqat mahsulotlari eksportini koʻpaytirishga muhim hissa qoʻshmoqda. Biroq, sohaga tashqi bozorlardagi cheklovlar va transport-logistika aloqalarining uzilishi salbiy taʼsir koʻrsatmoqda. Ayrim issiqxonalarning tabiiy gaz va elektr energiyasidan kredit va soliqlar boʻyicha qarzi bor.
Mutaxassislar tadbirkorlarning mavjud muammo va takliflarini oʻrgandi. Ular asosida issiqxonalarda mahsulot yetishtirish va uni realizatsiya qilishning yangi mexanizmi ishlab chiqildi. Shuningdek, “Issiqxona xoʻjaliklari faoliyati samaradorligini oshirish yuzasidan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” Prezident qarori imzolandi.
Unga koʻra, Bogʻdorchilik va issiqxonalarni rivojlantirish agentligi issiqxonalarni urugʻlik, koʻchatlar, mineral oʻgʻitlar va boshqa moddiy resurslar bilan taʼminlash, mahsulot xarid qilish va eksport qilishni taʼminlaydi. Oʻsimliklarni himoya qilish agentligi ekinlarni parvarish qilish boʻyicha xizmatlar koʻrsatadi.
Shu bilan birga, fermerlar moddiy ragʻbatlantiriladi. Issiqxona va muzlatgichli omborxonalar uchun xalqaro moliya institutlari va davlat maqsadli jamgʻarmalari tomonidan ajratiladigan kreditlar muddatini 7 yildan 14 yilgacha, imtiyozli davrni esa 3 yildan 5 yilgacha uzaytirish koʻzda tutilmoqda.
Kreditni toʻlash shartlari hosilni yigʻish va sotish muddatlarini hisobga olgan holda tuzatiladi.
Eksport mahsulotlari ishlab chiqarishni ragʻbatlantirish maqsadida yillik 4 foiz stavkada xorijiy valyutada bank kreditlari ajratish koʻzda tutilgan.
Endilikda issiqxona xoʻjaliklari tabiiy gaz boʻyicha toʻlovni oʻz vaqtida amalga oshirmagani uchun 6 oy davomida qoʻshimcha ustama (penya) toʻlamaydi.
Mazkur imtiyozlar issiqxona xoʻjaliklari moliyaviy ahvolini sogʻlomlashtirish va rivojlantirish boʻyicha respublika ishchi guruhining oʻrganish natijalariga koʻra shakllantirilgan roʻyxat asosida taqdim etiladi.
Shuningdek, issiqxona xoʻjaliklarini aylanma mablagʻ (urugʻlik, koʻchat, oʻgʻit, kimyoviy vositalar, issiqxona materiallarini sotib olish va isitish xarajatlari uchun) bilan taʼminlash uchun tijorat banklari tomonidan bir yil muddatga olti oylik imtiyozli davr bilan kredit ajratiladi.
Issiqxona xoʻjaliklarida eksportbop mahsulot yetishtirishga talab etiladigan aylanma mablagʻlar uchun xorijiy valyutadagi bank kreditlari Eksportni ragʻbatlantirish agentligi mablagʻlari hisobidan yillik 4 foiz stavkada (shundan, bank marjasi 2 foiz) ajratiladi.
Bunda, kredit taʼminoti sifatida “Oʻzbekinvest” sugʻurta kompaniyasi sugʻurta polisi qabul qilinadi va sugʻurta mukofoti xarajatlarining 75 foizi Eksportni ragʻbatlantirish agentligi mablagʻlari hisobidan qoplab beriladi.
Qarorda keltirilishicha, ushbu tartib, istisno tariqasida, 2022-yil 1-oktabrdan 2023-yil 1-aprelgacha amal qiladi.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling