Oliygohlarda karyera markazlari kuchaytiriladi, bitiruvchilar bandligi KPIga aylanadi

Bitiruvchilarning ish bilan taʼminlanganlik darajasi universitetlar rahbarlari faoliyatining muhim ko‘rsatkichlaridan biri bo‘ladi.

Shavkat Mirziyoyev 8–iyun kuni oliy taʼlim tashkilotlari bitiruvchilarining bandligini taʼminlash yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

2026-yilda respublika oliygohlarini 320 ming nafar talaba bitirishi kutilmoqda.

Taqdimotda 2026-yilda 8 mingdan ziyod loyihalarni moliyalashtirish uchun 500 mlrd so‘m mablag‘ yo‘naltirish, 10 mingga yaqin yoshlarni band qilish rejalashtirilgani maʼlum qilindi.

Mazkur dasturni unda ishtirok etuvchi tadbirkorlik subyektlariga qo‘shimcha moliyaviy imkoniyatlar taqdim etish orqali yana-da kengaytirish taklif etildi.

Shuningdek, “TalabaExpo-2026” kasb ko‘rgazmalarini ish beruvchi tashkilotlari va tadbirkorlik subyektlarini faol jalb etgan holda respublikaning boshqa hududlarida ham samarali tashkil etish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Bitiruvchilar bandligini taʼminlashda vazirlik va idoralar, mahalliy hokimliklar, yirik xo‘jalik birlashmalari masʼuliyatini oshirish muhimligi qayd etildi.

Barcha jarayonlar bandlikka ko‘maklashuvchi career.edu.uz platformasi orqali monitoring qilinib, bandlikni taʼminlash masalasi mahalliy hokimliklar darajasigacha tushiriladi. Natijada bitiruvchilar bilan ishlashning vertikal tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Shu bilan birga, talabalarni ish bilan band qilishda oliygoh darajasida ishlarni tizimli yo‘lga qo‘yish bo‘yicha yangi mexanizmlar taklif qilindi.

Jumladan, barcha oliygohlarda karyera markazlari faoliyati to‘liq yo‘lga qo‘yilib, natijadorligiga qarab rag‘batlantirib boriladi. Markazlar faoliyati “Bitiruvchi sifati indeksi” orqali baholanib, eng yuqori natija ko‘rsatgan 20 ta oliygohning karyera markazlariga 500 mln so‘mdan ajratiladi.

Joriy yilda oliygoh miqyosida 360 ta, fakultetlar miqyosida 750 ta mehnat yarmarkalari hamda har bir yo‘nalish kesimida mingdan ortiq ish beruvchilar bilan uchrashuvlar (vorkshoplar) tashkil etiladi.

Shuningdek, 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab talabalarda tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish, ularni biznes yuritish uchun mavjud imkoniyatlar bilan tanishtirish maqsadida barcha oliygohlarda “Tadbirkorlik asoslari” fanini o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi.

Shu bilan birga, oliygohlarda talabalarning startap loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, tashkil etiladigan spin-off korxonalariga talabalarni jalb etish, kafedralarning tegishli tarmoq korxonalarida filiallarini ochish, bitiruv loyihalari himoyasini ish beruvchi korxonalarda o‘tkazishni kengaytirish chora-tadbirlari belgilandi.

Aniq buyurtma, moslashuvchan dasturlar asosida kadrlar tayyorlashga qaratilgan maqsadli dual taʼlim shaklini ham yo‘lga qo‘yish tashabbusi bildirildi.

Bunda talabgorlarni dasturga qabul qilish, to‘lov-kontrakt miqdorini belgilash ish beruvchi hamda oliygoh o‘rtasida o‘zaro kelishuvga ko‘ra amalga oshirilib, buyurtmachi talaba o‘qishni tamomlaganidan so‘ng uni ish bilan taʼminlashga kafolat beradi.

Taklif qilingan chora-tadbirlar ijrosini sifatli tashkil etishda oliygohlar rahbariyatining masʼuliyatini oshirish, ularning “KPI” ko‘rsatkichlarida bitiruvchi bandligining taʼminlanganini asosiy mezon sifatida belgilash zarurligi qayd etildi.

Prezident mutasaddilarga bitiruvchilar bilan ishlashni samarali tashkil etish, bildirilgan tashabbuslarni puxta ishlab chiqish, qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratishda barcha imkoniyatlarni safarbar etish yuzasidan topshiriqlar berdi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling