Foto: Oliy Majlis
O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari 14-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida O‘zbek-Qirg‘iz davlat chegarasining alohida uchastkalari to‘g‘risidagi shartnoma hamda ikki davlat hukumatlari o‘rtasidagi Kampir-Obod suv omborining suv resurslarini birgalikda boshqarish to‘g‘risidagi bitimni ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi qonunlarni qabul qildilar. Har ikki hujjat 3-noyabr kuni Bishkekda imzolangan.
Qonun loyihalari yuzasidan bosh vazir Abdulla Aripov ma’ruza qildi.
Uning fikricha, chegara kelishuvlarining imzolanishi va chegara punktlarining qayta ochilishi mintaqada xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash yo‘lidagi "katta qadam" bo‘lgan.
"So'nggi besh yil davomida Qirg‘iziston bilan 1 170 km, Tojikiston bilan 193 km uzunlikdagi chegara chiziqlari kelishilib, delimitatsiya shartnomalari imzolandi. Qozog‘iston bilan 2 356 km uzunlikdagi davlat chegarasi demarkatsiya qilindi. 15 ta chegara o‘tkazish punktlari faoliyatlari qayta tiklandi: Tojikiston bilan — 10, Qirg‘iziston bilan — 3, Qozog‘iston bilan — 2 ta. Hozirda ushbu yangi ochilgan chegaralardagi o‘tkazish punktlaridan kuniga 18 ming fuqaro va mingdan ortiq yuk avtomobillari o‘tadi», — dedi Abdulla Aripov.
Bosh vazir chegara hududlari — Farg‘ona viloyatining So‘x tumani (eksklav) va Surxondaryo viloyatining Uzun tumanidagi Bobotog‘ hududi, shuningdek, Toshkent viloyatining Bekobod shahri hamda Toshkent tumanidagi bir qancha mahallalarni rivojlantirish bo‘yicha alohida prezident qarorlari qabul qilinganini ham qayd etdi.
Abdulla Aripov qo'shni davlatlar bilan chegara masalasida muzokaralar o‘tkazish qiyinchiliklar keltirib chiqarayotganini ma'lum qildi. Jumladan, O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida o‘zbek-qirg‘iz davlat chegarasining alohida uchastkalari to‘g‘risidagi shartnomaga ham "osonlik bilan erishilmagani" aytildi.
Uning qayd etishicha, imzolangan shartnoma "respublika uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lgan qator muhim masalalar bo‘yicha" yechim hisoblanadi. Birinchidan, Qirg‘iziston hududidagi Andijon suv ombori mamlakat qishloq xo‘jaligi uchun muhim strategik obyekt sanaladi. Bugungi kunda ushbu suv omboridan viloyatlarda [O‘zbekistonning Farg‘ona vodiysi] 175 ming gektardan ortiq, Qirg‘izistonda 25 ming gektardan ortiq qishloq xo‘jaligi yerlari sug‘oriladi. Suv omborining sig‘imi 1 mlrd 578 mln kub metr bo‘lib, 4 957 gektar maydonni egallaydi, dedi hukumat rahbari.
Bundan tashqari, Andijon va Farg‘ona viloyatlaridagi 20 dan ortiq aholi punktlari aholisini boshqa joyga ko‘chirishga to‘g‘ri keladi, chunki kanal O‘zbekiston hududidan o‘tadi va bu mamlakatning 2 000 gektardan ortiq qishloq xo‘jaligi yerlarining yo‘qolishiga olib keladi, deya tushuntirdi u.
Abdulla Aripovning aytishicha, Namangan viloyati deputatlari G‘ovasoy uchastkasining 6 000 gektar maydoni bahsli hudud bo‘lib, amalda Qirg‘iziston fuqarolari tomonidan foydalanilayotganidan xabardor.
"Hisob-kitob qiladigan bo‘lsak, o‘zlashtirilmagan 8 ming gektar qishloq xo‘jaligi yerlari o‘rniga 12,7 ming gektar yaylov taklif etamiz. Aytish joizki, hozirda chegara bo‘yicha muhokamalarda 1 gektar qishloq xo‘jaligi yerlari uchun 2,5 barobar ko‘proq yaylov berish tavsiya qilinmoqda. Taklif etilayotgan qonun loyihasida Qirg‘iziston tomoniga 19,5 ming gektar o‘rniga kompensatsiya sifatida 13 719 gektar yaylov yerlari ajratiladi (ilgari 4 127 gektar yer berilgan edi)", — dedi bosh vazir.
Uning qayd etishicha, bugungi kunda Namangan viloyatining Kosonsoy va Chust tumanlaridagi 27 ming gektardan ortiq qishloq xo‘jaligi yerlarini sug‘orishda asosiy manba bo‘lib xizmat qiladigan sig‘imi 165 mln kubometr bo‘lgan Kosonsoy suv omboridan foydalanilyapti.
Shuningdek, O‘zbekiston Qirg‘izistondan 10 ta bahsli uchastka bo‘yicha 429 gektar yer olishga va Farg‘ona vodiysi viloyatlari hududidan 294 gektar yer berishga rozi bo‘lgan.
Bundan tashqari, 2020-yil bahori oxirida O‘zbekiston va Qirg‘iziston fuqarolari o‘rtasida chegara nizosiga sabab bo‘lgan Farg‘ona viloyatining So‘x tumanidagi Chashma bulog‘idan birgalikda foydalanish va tozalash to‘g‘risida alohida hukumat bitimini imzolashga kelishib olindi, dedi Abdulla Aripov.
Bosh vazir kelishuv imzolanishi Qirg‘iziston bilan chegaradagi kelishmovchiliklarga to‘liq barham berish, O‘zbekiston chegaralari daxlsizligini ta’minlash va chegara hududlarida qonli mojarolarning oldini olish imkonini berishini ta’kidladi.
Ushbu hujjat O‘zbekistondagi 8 mingga yaqin fermer xo‘jaligini suv bilan uzluksiz ta’minlash uchun yiliga 2,5 mln tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish, 500 mln dollar miqdoridagi mahsulot eksport qilish uchun sharoit yaratadi.
Deputatlarning birinchi o‘qishdagi muhokamasi yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi O‘zbekiston-Qirg‘iziston davlat chegarasining ayrim uchastkalari to‘g‘risidagi shartnomani ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi qonunni 119 deputat ma’qulladi, 6 nafar deputat qarshi, 3 nafari betaraf, 4 nafari ovoz bermadi.
Deputat Qodir Jo‘rayev istisno tariqasida ikkala qonunni bir vaqtning o‘zida ikkinchi va uchinchi o‘qishda qabul qilishni taklif qildi. Bu taklifga 119 deputat ovoz berdi, 6 nafari qarshi, 3 nafari betaraf qoldi.
Mamlakatlar hukumatlari o‘rtasidagi Andijon (Kempir-Obod) suv omborining suv resurslarini birgalikda boshqarish to‘g‘risidagi bitimni ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi qonunga ko‘ra, 121 deputat yoqlab, 4 nafari qarshi, 3 nafari betaraf, 4 nafari esa ovoz bermadi.
Qonunni ikkinchi va uchinchi o‘qishda qabul qilish uchun 117 deputat ovoz berdi, 4 nafari qarshi, 5 nafari betaraf qoldi.
Bosh vazir Abdulla Aripov qonunlar muhokamasi va ularni qabul qilishda ishtirok etgani uchun deputatlarga minnatdorlik bildirdi.
Endi hujjatlar ko‘rib chiqish uchun Senatga yuboriladi, keyin esa prezident tomonidan imzolanishi lozim. Shundan so‘ng demarkatsiya jarayoni — yerga davlat chegarasi chizig‘ini chizish va tegishli chegara belgilari bilan belgilash boshlanadi.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling