Foto: BBC
The Economist Intelligence Unit (EIU)ning Butunjahon yashash qiymati tadqiqotiga koʻra, Nyu-York va Singapur dunyoning eng qimmat shaharlari deb topildi.
Qayd etilishicha, Butunjahon yashash qiymati tadqiqotiga koʻra, dunyoning 172 ta shahrida 2022-yilda narxlar oʻrtacha 8,1 foizga koʻtarilgan. Nyu-York birinchi marta reytingda peshqadamlik qildi va 10 yil ichida sakkizinchi marta reytingning yuqori pogʻonasida qayd etilgan Singapur bilan tenglashib oldi. Uchinchi oʻrinda esa oʻtgan yil dunyoning eng qimmat shahri deb topilgan Isroilning Tel-Aviv shahri qayd etilgan.
Tadqiqotga koʻra:
- Ukrainadagi urush va davom etayotgan taʼminot zanjiri muammolari butun dunyo boʻylab ishlab chiqarish va savdoga taʼsir qilib, narxlarning oshishiga sabab boʻlgan;
- Narxlarning eng yuqori oʻsishi benzin narxida kuzatilib, bir litr benzinning oʻrtacha narxi jahon bozorida neft narxi oshishi fonida milliy valyutalarda 22 foizga oʻsgan;
EIU tomonidan eʼlon qilingan maʼlumotlar Ukrainadagi urush va davom etayotgan pandemiya cheklovlari energiya va oziq-ovqat uchun etkazib berish zanjirlarini buzayotgani sababli, dunyoning eng yirik shaharlarida yashash narxi oshib borayotganini koʻrsatadi. EIUʻning Butunjahon yashash qiymati (WCOL) indeksiga kiruvchi 172 ta shahar boʻyicha oʻrtacha hisobda narxlar mahalliy valyutada 8,1 foizga oʻsgan. Bu yashash narxi haqidagi raqamli maʼlumotlar mavjud boʻlgan 20 yildagi eng yuqori koʻrsatkich hisoblanadi. Bu yilgi soʻrov 2022-yilning 16-avgustidan 16-sentyabriga qadar oʻtkazilgan.
Reytingda shuningdek, Damashq (Suriya) va Tripoli (Liviya) eng arzon shaharlar sifatida qayd etilgan.
Nyu-York bilan bir qatorda Los-Anjeles va San-Fransisko ham dunyoning eng qimmat shaharlari oʻntaligiga kirdi. WCOL soʻrovida Amerikaning 22 shahri narxlarning tez oʻsishi va dollarning mustahkamlanishi sharoitida reytingda koʻtarildi. Ulardan oltitasi (Atlanta, Sharlotta, Indianapolis, San-Diyego, Portlend va Boston) reytingda eng katta sakrashni namoyish qilgan oʻnta shahar qatoriga kirdi.
Rossiyaning Moskva va Sankt-Peterburg shaharlari Gʻarb sanksiyalari va energiya bozorlari rubl kursini qoʻllab-quvvatlaganligi sababli narxlarning koʻtarilishi bilan mos ravishda 88 va 70-pogʻonaga chiqqan. Energetika inqirozi va zaiflashgan iqtisodlar yevro va boshqa mahalliy valyutalar qiymatini pasaytirgani sababli Yevropaning aksariyat shaharlari reytingdan tushib ketdi.
Stokgolm, Lyuksemburg va Lion reytingda eng koʻp tushib ketgan. Biroq, shunga qaramay, mintaqada koʻplab qiymatlar tez koʻtarilgan. Gʻarbiy Yevropa shaharlarida gaz va elektr narxi mahalliy valyutada oʻrtacha 29 foizga oshdi, chunki mintaqa Rossiya energiyasidan voz kechishga harakat qilmoqda. Yuqoridagi ikki energiya manbasining global oʻrtacha narxi esa 2022-yilda 11 foizga oʻsgan.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling