Prezident qarori bilan, “Biznes hamroh” loyihasi amalga oshiriladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
1000 dan ortiq davlat va xususiy xizmatlarni “yagona darcha” tamoyili asosida ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish orqali tadbirkorlar faoliyatiga to‘laqonli hamrohlik qilish tizimi joriy etiladi.
Tadbirkorlar masalalari va muammolarini eshitish, muhokama qilish va joyida hal qilishga mo‘ljallangan sifat jihatdan yangi maydoncha yaratiladi.
Qarorga ko‘ra, 2026-yil 1-martdan tadbirkorlik faoliyatiga oid davlat xizmatlari va ayrim xususiy xizmatlarni tadbirkorlarga “yagona darcha” tamoyili asosida ko‘rsatish bo‘yicha “Biznes hamroh” loyihasi amalga oshiriladi.
“Biznes hamroh” loyihasi doirasida SSP huzurida tashkil etiladigan masʼuliyati cheklangan jamiyat tomonidan boshqariladigan “Biznes hamroh” markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Dastlabki bosqichda “Biznes hamroh” markazlari Toshkent va Nukus shaharlarida hamda viloyatlar markazlarida bittadan tashkil etiladi.
2026-yil 1-martdan respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining tadbirkorlar bilan muloqotini tashkil qilishning tartibi joriy etiladi.
Bunda rahbarlar har chorakda tasdiqlanadigan reja-grafiklar asosida hududlarda tadbirkorlar bilan “Biznes hamroh” markazlarida uchrashadi. Reja-grafiklar har chorakda barcha uchun ochiq holatda “Biznes hamroh” elektron platformasi va tegishli tashkilotlarning rasmiy veb-saytlarida eʼlon qilinadi.
Platformadagi “Rahbarlar bilan muloqot” moduli orqali bir chorak davomida 1 ta hududdan kamida 10 nafar tadbirkorning murojaati yo‘naltirilgan tashkilot rahbarlari keyingi chorak uchun mo‘ljallangan reja-grafigiga ushbu hududdagi tadbirkorlar bilan uchrashuv o‘tkazishni kiritadi.
Uchrashuvlarda ko‘tarilgan va “Biznes hamroh” markazining “Call markazi”dan kelib tushgan murojaatlar platforma orqali “Tadbirkor virtual ofisi” axborot portaliga kiritiladi.
“Biznes hamroh” markazlari zarur funksional imkoniyatlarga ega bo‘lgan davlat xizmatlari markazlari binolariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri joylashtiriladi.