Shavkat Mirziyoyev aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish yakunlari hamda milliy statistika tizimida islohotlarni jadallashtirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Joriy yilda o‘tkazilgan aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish natijalari bo‘yicha axborot berildi.
Dastlabki natijalarga ko‘ra, doimiy aholi soni 39 mln 47 ming nafarni tashkil etdi. Amaldagi hisobda aks etmagan 810,6 ming nafar aholining yashash manzili va ijtimoiy maqomiga aniqlik kiritildi.
Amaldagi maʼlumotlar bilan solishtirganda Jizzax viloyati aholisi 2,7%, Namanganda 1,3%, Surxondaryoda 0,9% va Qashqadaryoda 0,7% kam ekani aniqlandi. Buxoro viloyatida ko‘rsatkich deyarli o‘zgarmagan, boshqa hududlarda esa o‘sgan. Xususan, Toshkent tumani aholisi avvalgi hisobga nisbatan 1,6 barobar ko‘p, Andijon shahrida esa 15,8% kam ekani maʼlum bo‘ldi.
Qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish natijasida hisobda aks etmagan 985,5 ming gektar yerning chegarasi va toifasi aniqlashtirildi. Shundan 789,5 ming gektari ekin yerlari, 14,1 ming gektari issiqxonalar, 75,3 ming gektari bog‘lar, 21,4 ming gektari tokzorlar va 85 ming gektari baliqchilik havzalariga to‘g‘ri keladi.
Taqdimotda iqtisodiy faoliyatni to‘liq statistik hisobga olish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Bugungi kunda kuzatilmaydigan iqtisodiyot ulushi 23% ni yoki 246 trln so‘mni tashkil etmoqda. Qishloq xo‘jaligida umumiy aylanmaning 60%i ushbu sektor hissasiga to‘g‘ri keladi.
Mehnat bilan band bo‘lgan 15,2 mln aholining 6,5 mlni yoki 42% ining daromadlari rasmiy hisobda to‘liq aks etmayapti. Ro‘yxatdan o‘tgan ko‘plab kichik va o‘rta biznes subyektlari amalda ishlamaydi yoki faoliyatini to‘xtatgan.
Mazkur holat halol ishlayotgan va soliq majburiyatlarini to‘liq bajarayotgan korxonalar uchun nosog‘lom raqobat muhitini yuzaga keltirmoqda. Har 4-5 so‘mlik iqtisodiy aylanmaning 1 so‘mi rasmiy statistika eʼtiboridan chetda qolmoqda. Ushbu faoliyatni tartibga solish budjetga qo‘shimcha o‘nlab trillion so‘m tushum taʼminlash va kelgusida soliq yukini kamaytirish imkonini beradi.
Shu munosabat bilan joriy yilning 15-oktabridan 30-noyabriga qadar biznesni ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazish taklifi maʼqullandi. Uning doirasida mamlakatda faoliyat yuritayotgan barcha iqtisodiy birliklar xatlovdan o‘tkazilib, subyektlarning holati, tarkibi va iqtisodiyot tarmoqlari bo‘yicha taqsimotiga aniqlik kiritiladi. Korxona va tashkilotlar to‘g‘risidagi statistik registrlar yangilanib, tanlanma kuzatuvlar uchun ishonchli asos yaratiladi.
Milliy statistika tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish bo‘yicha rejalar ham ko‘rib chiqildi. Tadbirkorlar taqdim etadigan hisobot yukini 20% ga qisqartirish, maʼmuriy va muqobil maʼlumotlar manbalari sonini 1,7 barobar oshirish, ularga ishlov berish vaqtini 20% ga va xarajatlarni 25% ga kamaytirish maqsad qilingan.
Maʼlumotlarni boshqarish bo‘yicha yagona yondashuvni shakllantirish maqsadida vazirlik va idoralar ishtirokida Maʼlumotlarni boshqarish komissiyasini tashkil etish taklif qilindi.
Komissiya joriy yil 1-dekabrga qadar davlat organlari va tashkilotlaridagi maʼlumotlarni boshqarish tizimlarini to‘liq xatlovdan o‘tkazadi, 2027-yil 1-maygacha ularni takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini tasdiqlaydi.
2027-yil 1-iyulga qadar Milliy maʼlumotlar platformasini ishga tushirish rejalashtirilgan. Platforma maʼlumotlarni yagona tizimga integratsiya qilish, ularning sifati va xavfsizligini taʼminlash, tahlil va zamonaviy raqamli xizmatlarni rivojlantirishga xizmat qiladi. Shuningdek, Ochiq maʼlumotlar bilan ishlash bo‘yicha loyiha ofisini tashkil etish va davlat idoralari uchun “Ochiq maʼlumotlar reytingi”ni joriy qilish taklif etildi.
Mutasaddilarga ro‘yxatga olish natijalarini chuqur tahlil qilib, davlat dasturlarida keng qo‘llash, biznesni ro‘yxatga olish tadbirini sifatli uyushtirish, maʼlumotlarni boshqarishning yagona tizimini joriy qilish bo‘yicha topshiriqlar berildi.