Toshkentdagi yong‘inda FVV qutqaruvchisi halok bo‘ldi

Kapitan Boburmirzo Pardayev xonadondagi aholini evakuatsiya qilishda qatnashib, yong‘inni bartaraf etish vaqtida halok bo‘lgan.

15-avgust kuni Toshkent shahri Uchtepa tumanidagi xonadonlardan birida sodir bo‘lgan yong‘inda Favqulodda vaziyatlar vazirligi qutqaruvchisi halok bo‘ldi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Soat 03:41 da “112” tizimiga Uchtepa tumani “Quyi Darxon” mahallasidagi uylardan birida yong‘in sodir bo‘layotgani haqida xabar kelib tushgan.

Voqea joyiga Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmasi hamda FVV Maxsus qutqaruv batalyoni qutqaruvchilari yetib borib, yong‘inni bartaraf etishga kirishgan.

Qutqaruvchilar xonadondagi aholini xavfsiz hududga evakuatsiya qilgan. Jarayonda Maxsus qutqaruv batalyoni otryad komandiri o‘rinbosari — guruh komandiri, kapitan Boburmirzo Pardayev ham odamlarni qutqarishda ishtirok etgan.

Yong‘inni bartaraf etish vaqtida Boburmirzo Pardayev halok bo‘lgan.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling