O‘zbekiston Bojxona qo‘mitasining rasmiy vakillari Turkiya, Belgiya, Xitoy va Qozog‘istonda ilk bor o‘z faoliyatini boshladi. Ular mamlakatning ushbu davlatlardagi elchixonalari huzurida tayinlangan, deb xabar berdi idora matbuot xizmati Repost‘ga.
Bu qaror prezidentning 2025-yil 17-dekabrdagi tashqi savdoni soddalashtirish va bojxona ma‘muriyatchiligi samaradorligini oshirishga qaratilgan farmoni doirasida qabul qilindi.
Bojxona masalalari bo‘yicha maslahatchi lavozimlariga quyidagilar tayinlandi:
- Komila Alijonova (Turkiya)
- Lazizbek Atoyev (Belgiya)
- Komil Qodirov (Xitoy)
- Sanjarbek Sobirov (Qozog‘iston)
Ular o‘zbekistonlik eksportyor va importyorlarga amaliy yordam ko‘rsatadi hamda bojxona-logistika muammolarini hal qiladi, ma‘lumotlar almashinuvini yo‘lga qo‘yadi va xalqaro muzokaralarda ishtirok etadi.
Shuningdek, vakillar Jahon bojxona tashkiloti va mintaqaviy qo‘mitalar faoliyatida ishtirok etish uchun mas‘ul bo‘ladi.