Toshkentda Book cafe va "Kitob ko‘chasi"larni tashkil etishga ruxsat beriladi

Poytaxtda 2031-yilgacha tajriba tariqasida maxsus iqtisodiy va sanoat zonalari salohiyatini oshirish joriy etiladi.

Prezidentning "Toshkent shahrini 2026–2027-yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Qarorga ko‘ra, 2031-yil 1-yanvargacha Toshkent shahrida tajriba tariqasida yangi tartib joriy etiladi. 

Uning doirasida barcha tumanlarni maxsus iqtisodiy va sanoat zonalari bilan bog‘lash maqsadida har bir tumanga loyiha joylashtirish uchun ushbu zonalardan yer maydonlari biriktiriladi.

Shuningdek, Olmazor tumanidagi Yoshlar markazi binosida yoshlarning startap loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, xorijiy tillar va zamonaviy kasblarga o‘qitish hamda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirishga ixtisoslashgan Yoshlar kreativ parki tashkil etiladi.

Bundan tashqari, "Toshkent kitob tijorat" uyushmasi a‘zolariga aholi gavjum hududlar, bozorlar, yirik savdo markazlari va markaziy ko‘chalarda yengil konstruksiyali kitob do‘konlarini o‘rnatish, Book cafe va 24 soat ishlaydigan sayilgohlarda "Kitob ko‘chasi" loyihalarini tashkil etishga ruxsat beriladi.

Yana bir yangilikka ko‘ra, maydoni 5 ming kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan savdo markazlarida kitob do‘konlarini tashkil etish majburiy tartibda joriy qilinadi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling