Bo‘stonliq tumanida “Bo‘stonliqtumangaz” gazchisi soxta qoidabuzarlik dalolatnomalarini rasmiylashtirib kelgani fosh etildi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament xabar berdi.
Ma‘lum qilinishicha, u o‘ziga biriktirilgan “Ozodbosh” MFYga kirib keluvchi tabiiy gaz hajmining har oylik hisobotlardagi tafovutlarini sun‘iy ravishda kamaytirish maqsadida qoidabuzarlik sodir etmagan fuqarolar nomiga soxta dalolatnomalar tuzib, ularni elektron tizimga yuklab borgan.
Oqibatda davlat va jamiyat manfaatlariga 593,3 mln so‘m zarar yetkazilgan.
Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.