Buxoro shahrining bosh rejasi tasdiqlandi: aholi soni 385 mingga, hududi qariyb 12 ming gektarga yetadi

Shaharning hududi va aholisi ko‘payadi, uy-joy fondi kengaytiriladi hamda transport infratuzilmasi rivojlantiriladi.

Hukumat Buxoro shahrining bosh rejasini tasdiqladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Qarorga ko‘ra, hisob davrida shahar aholisi 289,2 ming nafardan 385 ming nafarga, hududi esa 7 966,8 gektardan 11 847,1 gektarga yetkaziladi.

Shuningdek, uy-joy fondining umumiy maydoni 4,46 mln kvadrat metrdan 8,09 mln kvadrat metrgacha oshiriladi. Natijada aholini uy-joy bilan ta‘minlash darajasi har bir kishi hisobiga 15,4 kvadrat metrdan 21 kvadrat metrgachayetishi rejalashtirilgan.

Bosh reja doirasida madaniy, maishiy va kommunal infratuzilmani amaldagi me‘yorlarga mos ravishda rivojlantirish, bo‘sh hududlarda yangi jamoat majmualarini barpo etish ham ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, magistral ko‘chalarning uzunligi 102,6 kilometrdan 203 kilometrgacha oshiriladi. Hisob davri yakuniga kelib jamoat transporti orqali yiliga 163,8 mln yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish rejalashtirilgan.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling