Buxoro va Qashqadaryoda yerlarni rasmiylashtirish evaziga pora olgan mansabdorlar ushlandi

Ulardan biri 2,5 ming, ikkinchisi esa 1 ming dollar olgan vaqtida qo‘lga tushgan.

Buxoro va Qashqadaryo viloyatlarida yer maydonlarini rasmiylashtirish bilan bog‘liq korrupsion holatlar fosh etildi. Bu haqda DXX xabar berdi.

Buxoro viloyati Davlat kadastrlari palatasi boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Romitan tumanida 2015-yilda hokimlik zaxirasidagi 65 kvadrat metr yerda o‘zboshimchalik bilan qurilgan savdo va xizmat ko‘rsatish binosi hamda unga tutash 35 kvadrat metr yerni fuqaro nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 2,5 ming dollar olgan vaqtida ushlangan.

Qashqadaryo viloyati investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmasining Ko‘kdala tumani bo‘limi bosh mutaxassisi Chiroqchi tumanida 2019-yilda ajratilgan 1 sotix yer uchun kadastr hujjatlarini tayyorlab, davlat ro‘yxatidan o‘tkazib berishni va‘da qilgan.

Buning evaziga 1 ming dollar talab qilib, so‘ralgan pulni olgan vaqtida qo‘lga olingan.

Har ikki holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling