Bolalardan foydalanib oltin va xorijiy valutani noqonuniy olib chiqishga urinishlar bojxonachilar tomonidan fosh etildi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi xabar berdi.
Ma‘lum qilinishicha, “Navoiy” chegara bojxona postida O‘zbekistondan chiqib ketayotgan ayol go‘dak farzandining tagligiga qariyb 200 gramm og‘irlikdagi ikki dona oltin quymasini yashirib olib chiqishga uringan.
Shuningdek, uning yonidan bojxona nazoratiga taqdim etilmagan 70 gramm og‘irlikdagi zargarlik buyumlari ham topilgan.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, olib chiqilishiga yo‘l qo‘yilmagan oltin buyumlarning umumiy qiymati 450 mln so‘mni tashkil etadi.
Yana bir holatda esa qo‘shni davlat fuqarosi 14 yoshli qizining kiyimi ostiga 40 ming dollarni yashirib, uni mamlakatdan olib chiqishga uringan vaqtida to‘xtatilgan.
Hozirda holatlar yuzasidan bojxona surishtiruvi davom etmoqda.