Foto: Inesctec.pt
Oʻzbekistonda 12 turdagi maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxs javobgarlikdan ozod qilinishi mumkin. Bu haqda AOKAda oʻtkazilgan brifingda Oliy sud axborot xizmati rahbari Aziz Obidov maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, ayblanuvchi qilmishiga iqror boʻlsa, jabrlanuvchi bilan yarashsa va yetkazilgan zararni bartaraf etsa, sud uni maʼmuriy javobgarlikdan ozod qilib, ishni tugatishi mumkin.
Ushbu norma Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning:
- 40-moddasida — tuhmat;
- 41-moddasida — haqorat qilish;
- 45-moddasida — fuqarolarning turar joyi daxlsizligini buzish;
- 46-moddasida — fuqaroga maʼnaviy yoki moddiy zarar yetkazishi mumkin boʻlgan maʼlumotlarni oshkor etish;
- 46-1-moddasida — shaxsiy hayot daxlsizligini buzish;
- 52-moddasida — yengil tan jarohati yetkazish;
- 61-2-moddasida — mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish;
- 104-moddasida — ekinzorlarni payhon qilish, qishloq xoʻjalik ekinlarining dalada toʻplab qoʻyilgan hosiliga zarar yetkazish yoki uni yoʻq qilib yuborish, koʻchatlarga shikast yetkazish;
- 133-moddasida — transport vositalari haydovchilarining yoʻl harakati qoidalarini buzishi jabrlanuvchiga yengil tan jarohati yoki ancha miqdorda moddiy zarar yetkazilishiga olib kelishi;
- 134-moddasida — haydovchilarning yoʻl harakati qoidalarini buzishi transport vositalarining yoki boshqa mol-mulkning shikastlanishiga olib kelishi;
- 183-moddasida — mayda bezorilik;
- 200-moddasida nazarda tutilgan oʻzboshimchalik kabi maʼmuriy huquqbuzarliklarga oid ishlar boʻyicha yarashuv shartlari bajarilgan hollarda tatbiq etilishi mumkin.
Shuningdek, ushbu huquqbuzarlikni bir yil ichida takroran sodir etgan shaxs tomonlarning yarashganligi munosabati bilan maʼmuriy javobgarlikdan ozod qilinmasligi aytilgan.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling