Toshkentda avtobuslar harakati uchun “A” toifasidagi alohida yo‘laklarni bosqichma-bosqich joriy etish ishlari davom etmoqda. Bu haqda Yo‘l harakatini tashkil etish markazi xabar berdi.
Magic City hududidagi Furqat ko‘chasidan Xalqlar do‘stligi saroyi atrofidagi Islom Karimov ko‘chasigacha bo‘lgan yo‘l qismida “A” yo‘lagi uchun maxsus yo‘l chiziqlari chizildi.
Shuningdek, ushbu yo‘lakni umumiy transport oqimidan ajratishga xizmat qiluvchi deliniatorlar — jismoniy ajratuvchi elementlar o‘rnatilmoqda.
Endi jamoat transportiga berilayotgan ustuvorlik faqat yo‘l chizig‘i bilan emas, balki yo‘lakni yana-da ko‘rinadigan, tushunarli va intizomga chorlovchi qo‘shimcha elementlar bilan ham mustahkamlanmoqda.
Joriy yil davomida Toshkentning 30 dan ortiq ko‘chasida “A” toifasidagi alohida yo‘laklarni tashkil etish rejalashtirilgan.
Ushbu yo‘nalishlarda deliniatorlar va jamoat transporti samaradorligini oshirishga qaratilgan boshqa elementlar ham bosqichma-bosqich qo‘llanadi.