Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida maktab taʼlimi tizimidagi islohotlar samaradorligini yana-da oshirish hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
“Dunyoda isbot talab qilmaydigan bir haqiqat bor: har qanday mamlakat taraqqiyoti sog‘lom va bilimli avlodga bog‘liq. Shu bois, Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida sog‘lom, bilimli, teran fikrli, vatanparvar yoshlarni tarbiyalash uchun barcha sharoitlarni yaratishimiz shart va zarur”, - dedi davlatimiz rahbari.
Oxirgi 7 yilda maktabgacha va maktab taʼlimi uchun mablag‘ 7 karra oshirilgani, joriy yilda bunga 60 trillion so‘m yo‘naltirilayotgani taʼkidlandi. Maktablarda 1 millionga yaqin, bog‘chalarda 1,5 million yangi o‘rinlar yaratildi. Bog‘cha bilan qamrov 3 karra oshib, 78 foizga yetdi.
Malaka, til bilish, yangi baholash tizimi, fan olimpiadalari kabi mezonlar asosida o‘qituvchilarga 10 dan ortiq ustama joriy qilindi. Bundan samarali foydalangan 60 ming o‘qituvchi hozirda 8-12 million so‘m maosh olayapti.
Bog‘cha tarbiyachilari oyligi 65 foizga oshib, maktab o‘qituvchilari maoshiga tenglashdi. Yangi o‘quv yilidan maktab direktorlari, o‘rinbosarlari va bog‘cha mudiralarining ish haqi 7-10 million so‘mdan oshadi.
Prezident sohada mavjud muammolarga to‘xtaldi. Taʼlim dasturlari eng ilg‘or mamlakatlar tajribasiga moslashtirilmoqda, darsliklar yangilanmoqda, maktablarga zamonaviy jihozlar olib berilayapti.
Lekin tizimdagi muallimlarning yangi metodikalarni o‘zlashtirishi, taʼlim sifatini taʼminlashi qay darajada ekani savol ostida. Masalan, ikki yil oldin toifa berish tizimi shaffof, raqamlashgan platformaga o‘tgani haqiqiy ahvolni ko‘rsatdi.
Jumladan, o‘tgan yili 341 ming o‘qituvchi yangi tizim asosida toifaga topshirgan bo‘lsa, shundan 102 ming nafari imtihondan o‘ta olmagani qayd etildi. Ishga olishda diplomga qarab emas, bilim va malakani baholash tizimiga o‘tildi. Bu yangi tizim orqali imtihon qilingan 13 ming nomzoddan 6 mingi bilimi qoniqarsiz bo‘lgani uchun ishga kira olmadi.
Yoki 61 ta xususiy oliygohda pedagog-kadrlar o‘qitilayotgani bilan birortasida kimyo, biologiya va fizika bo‘yicha muallim tayyorlanmaydi.