Fermerlarga dizel yoqilg‘isi xarajatining bir qismi uchun 2 mln so‘mgacha subsidiya beriladi

Paxta va g‘alla yetishtiruvchilar uchun subsidiya birja orqali xarid qilingan dizel narxi tonnasi 13 mln so‘mdan oshgan taqdirda avtomatik tarzda ajratiladi.

Adliya vazirligi qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan birja savdolari orqali xarid qilingan dizel yoqilg‘isi qiymatining bir qismini qoplash uchun subsidiya ajratish tartibini tasdiqladi

Unga ko‘ra, paxta va g‘alla yetishtiruvchi fermerlarga 2026-yil 1-apreldan 1-iyulgacha birja savdolari orqali xarid qilingan dizel yoqilg‘isi narxi tonnasi 13 mln so‘mdan qimmat bo‘lsa, oshgan summaning 2 mln so‘mgacha bo‘lgan qismi subsidiya sifatida qoplab beriladi.

Subsidiyani olish uchun alohida ariza topshirish talab etilmaydi. Mablag‘lar proaktiv, ya‘ni avtomatik tartibda ajratiladi.

Buning uchun dizel yoqilg‘isi birja savdolari orqali xarid qilingan bo‘lishi, fermerning ekin maydonlari va ekin turlari Agroportal tizimiga kiritilgan bo‘lishi hamda yoqilg‘i aprel—iyun oylaridagi agrotexnik ishlar uchun ishlatilgan bo‘lishi kerak.

Subsidiya miqdori Agroportal ma‘lumotlari asosida avtomatik hisoblanadi. Hisoblangan mablag‘lar Agentlik tomonidan fermerning tijorat bankidagi maxsus hisobvarag‘iga uch ish kuni ichida o‘tkaziladi.

Agar texnik nosozlik yoki ma‘lumotlar almashinuvidagi uzilish sababli fermer haqidagi ma‘lumotlar Agentlikka yetib bormasa, u Agentlikka yozma ravishda yoki Agroportal orqali elektron shaklda murojaat qilishi mumkin.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling